Sirdaryo viloyati rahbariyatiga xitoylik hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish topshirildi

2026 yili Sirdaryo viloyatida xitoylik ishbilarmonlar bilan birgalikda avtomobilsozlik bo‘yicha 122 million dollarlik loyiha ishga tushiriladi. Ushbu tashabbus mamlakatlar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning namunasidir. Shu munosabat bilan, Sirdaryo viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida nutq so‘zlagan prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimiyatiga xitoylik hamkorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishni topshirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Sirdaryoda Xitoy kompaniyalari bilan birgalikda umumiy qiymati 500 million dollarga teng 31 ta korxona ishga tushirildi, bu esa viloyatning 5000 fuqarosi uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratdi. Xitoy ishbilarmon doiralari bilan hamkorlik davom etmoqda, qiymati 700 million dollarga teng yana 40 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari hisobiga Sirdaryo erkin sanoat zonasi hududi 1080 gektargacha kengaytirildi. Viloyat va tuman hokimlariga sanoat zonasiga qo‘shib berilgan maydonlarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu maqsadda davlat rahbari loyihalarning samaradorligini sinchkovlik bilan baholash va investorlar uchun taqdimotlar tayyorlash, shuningdek, Sirdaryo viloyatidan Xitoyga bir nechta shahar va tuman rahbarlarini o‘z ichiga olgan delegatsiya yuborish vazifasini yukladi.

Bundan tashqari, qurilish materiallari bo‘yicha Szyansu, Shandun va Guandun, kimyo sanoati bo‘yicha Tyanszin, elektrotexnikada Futszyan va Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Sinszyan, farmatsevtika sohasida Shanxay va Szyansi hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Guliston shahrida kamida 5 ming ish o‘rniga ega «O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti» savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Bu yerdagi obyektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taklif etiladi.

Mirziyoyev boshqa sohalarda, ayniqsa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xalqaro tajribani qo‘llash zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil qilish, sirdaryolik 50 yoshni Pekin shahrida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kurslarda o‘qitish topshirildi.

Ta’lim loyihalari ham muhokama qilindi. Shunday qilib, Guliston universiteti qoshida Xitoyning «Lu Ban ustaxonasi» dasturi doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida oliygoh tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.