O‘zbekistonda havo tozaligini ta’minlash uchun ikki yil ichida 1,5 trillion so‘m ajratiladi

ZANGIOTA TUMANIDAGI QONUN TALABLARIGA JAVOB BЕRMAYDIGAN PLASTIKLARNI QAYTA ISHLASH KORXONASI. ECO INFO TELEGRAM-KANALI VIDЕOSI

2025-2026 yillari O‘zbekistonda havo ifloslanishini nazorat qilish loyihalariga taxminan 1,5 trillion so‘m (120,6 million dollar) ajratiladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita rahbari o‘rinbosari Jusipbek Kazbekovning 3 dekabr kuni Oliy Majlis deputatlari savollariga bergan javoblaridan ma’lum bo‘ldi.

Qonunchilik palatasi yig‘ilishida hukumatning 2026 yili korxonalarni zamonaviy filtrlar va tozalash inshootlari bilan jihozlash hamda ekologik loyihalarni amalga oshirish uchun qancha mablag‘ ajratishi haqida savol berildi. Kazbekovning so‘zlariga ko‘ra, budjetning qo‘shimcha daromadlaridan Toshkentga 548 milliard so‘m (45,6 million dollar) ajratish rejalashtirilgan. Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, 2025 yil oxiriga qadar mamlakatda havoni tozalash dasturlari uchun tegishli idoralarga qo‘shimcha 900 milliard so‘m (75 million dollar) ajratiladi.

Noyabr oyi oxirida O‘zbekistonda havo ifloslanishiga qarshi kurashish va zararli chiqindilar manbalarini yo‘q qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar kuchaytirildi. Prezident farmoni bilan Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun maxsus komissiya tuzildi. Prezident administratsiyasi rahbari va davlat rahbarining to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva unga rais etib tayinlandi. Ekokomissiya O‘zbekiston poytaxti va uning atrofida atmosferani ifloslantiruvchi obyektlarni aniqlash va ularning faoliyatini to‘xtatish uchun har kuni issiqxonalar va korxonalarni tekshirmoqda. Shu bilan birga, shaharda ko‘chalarni namlash, ariqlarini tozalash va favvoralarni ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Ekokomissiya deyarli har kuni prezidentga qilingan ishlar borasida hisobot bermoqda. Shavkat Mirziyoyev Toshkentning havo ifloslanishiga qarshi kurashish tajribasini O‘zbekistonning barcha hududlariga yoyishni buyurdi. Natijada, ommaviy axborot vositalarida Andijon, Farg‘ona, Buxoro va respublikaning boshqa hududlarida o‘tkazilgan reydlar haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Joylarda «sallasini desa, kallasini…» qabilida holatlar ham qayd etilgan. Jumladan, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tuman hokimi buyrug‘i bilan kamida uchta kafeda somsa yopilayotgan tandirlar vayron qilingan. Tuman hokimligi Telegram-kanalida ekskavator tomonidan tandirlarning yo‘q qilinayotgani aks etgan video joylashtirilgan.

Hokimlik «[ekologik] talablarga javob bermayotgan umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyatni to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar» qo‘llanilayotganini ma’lum qilgan.

Videorolik keng jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi, natijada hokimlik kanalidagi mazkur post olib tashlandi va tuman hokimi Andijon viloyati hokimidan hayfsan oldi. Shunisi qiziqki, aybdor mansabdor shaxsning ismi — Hikmatillo Dadaxonov — oshkor qilinmadi. Shuningdek, uning harakatlaridan zarar ko‘rgan kafelarga yetkazilgan zarar qoplanadimi yoki yo‘qmi, bu haqda ham ma’lumot berilmadi.