O‘zbekiston kimyo mahsulotlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda

spot.uz sayti fotosurati

O‘zbekiston hukumati 2030 yilga kelib mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1,5 baravarga oshirishni va eksportni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Mamlakatda kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha qabul qilingan strategiya ushbu maqsadlarga erishishga zamin yaratadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shu haqda so‘z yuritildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, hozirda 1 milliard dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda va keyingi uch yil ichida 4,5 milliard dollarlik bir nechta istiqbolli loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslar tayyorlangan.

Biroq, kimyo sanoati jiddiy muammolarga duch kelmoqda, bu asosan yirik korxonalardagi ayrim ishlab chiqarish quvvatlarining eskirishi bilan bog‘liq. Bu energiya xarajatlarining keskin oshishiga olib keladi va oxir-oqibat mahsulotlarning raqobatbardoshligini pasaytiradi. Masalan, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda bu xarajatlar tannarxning 55% gacha qismini tashkil qiladi.

Rasmiylar energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish orqali vaziyatni to‘g‘irlashni taklif qilishdi.

Dunyoda kimyo mahsulotlarining bozori tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Qo‘shni mamlakatlarda 1 milliard dollarlik mahsulotlarga talab va logistika uchun qulay sharoitlar bo‘lsa-da, mazkur salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotgani qayd etildi. Taqdimotda mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash hisobiga yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish va eksportni kamida ikki barobarga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.

Joriy yilda Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida «yashil» mineral o‘g‘itlar, sian tuzlari, kaliy ksantogenat, kaliy sulfati kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaradigan loyihalar ishga tushdi. Ushbu yangi mahsulotlar eksportini oshirishni hozirdan hisob-kitob qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, mahalliy iste’molchilarga ham e’tibor qaratildi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekiston kelgusi yilda 4,5 million tonna paxta yig‘ib olishni rejalashtirmoqda. Shu munosabat bilan fosforli o‘g‘itlar zaxirasini yaratish va ushbu kimyoviy moddalar ishlab chiqaruvchilariga yetarli miqdorda sulfat kislota yetkazib berishni ta’minlash zarur. Bundan tashqari, fermerlarga o‘g‘it sotib olish uchun imtiyozli kreditlar berish dasturini tezda ishga tushirish zarurati muhokama qilindi.

Prezident kimyo sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik sohasi ekanini ta’kidladi. Davlat rahbari tegishli vazirlik va idoralar vakillarining hisobotlarini tinglab bo‘lgach, ichki bozorni barqaror ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.