O‘zbekiston hukumati Termiz-Hayraton ko‘prigida joylashgan Afg‘oniston bilan chegara nazorat punktini qayta ochdi. Endi yo‘lovchilar ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va xavfsiz harakatlanishi mumkin, deb xabar beradi Markaziy Osiyo respublikasi Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati.
Palata ikki mamlakatni bog‘laydigan Amudaryo ustidagi ko‘prik orqali yo‘lovchilar qatnovining qayta tiklanishi viza talablari bekor qilinganini anglatmasligini tushuntirdi. O‘zbeklar va afg‘onlar uchun viza talabi saqlanib qoladi.
SSP vakillari nazorat punkti 2021 yil avgust oyida («Tolibon»* harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng – «Farg‘ona» izohi) faoliyatini to‘xtatganini eslatdilar. Bu esa tadbirkorlarning Afg‘onistonga borishini sezilarli darajada qiyinlashtirgan edi: Ayritomdan 75 km masofada joylashgan (1 soatlik yo‘l) Mazori Sharifga yetib borish uchun tadbirkorlar Tojikiston orqali bir kunlik aylanma yo‘ldan foydalanishga majbur bo‘lgan.
«Endilikda bu cheklovlar bekor qilindi va yo‘l yana ochildi», — deb xabar beradi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi.
Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu holat biznes, ayniqsa eksport qiluvchi kompaniyalar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Bundan tashqari, O‘zbekistondan Afg‘onistonga yetkazib beriladigan tovarlar va xizmatlar hajmi barqaror ravishda o‘sib bormoqda, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘nalish ochilishi bilan bu ko‘rsatkich 2026 yilga kelib 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Shuni ta’kidlash joiz, ikki mamlakat hukumatlari ilgari yaqin kelajakda o‘zaro savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan edi.
Savdo-sanoat palatasi Afg‘oniston bozoriga kiruvchi tadbirkorlarga imtiyozlar va preferensiyalar berilishini qo‘shimcha qildi. Shunday qilib, davlat tadbirkorlarga Hayraton yoki Mozori-Sharifda omborxona ijarasi uchun to‘liq kompensatsiya beradi. Afg‘oniston bozori uchun mo‘ljallangan o‘zbek mahsulotlarining reklama xarajatlari ham qoplanadi.
O‘zbekiston rasmiylari tadbirkorlarga 5o million iste’molchiga ega qo‘shni mamlakatga eksportni yo‘lga qo‘yishni tavsiya qiladi. Hozirda ushbu bozorda raqobat past va talab yuqori, deya ta’kidlaydi Savdo-sanoat palatasi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



