Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki (OIIB) O‘zbekiston hukumatiga «yashil» va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturini amalga oshirish uchun 500 million dollar ajratadi. Bu haqda «Gazeta.uz» xalqaro moliya instituti matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.
OIIB ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon banki ushbu loyihada hamkor hisoblanadi, garchi uning investitsiyalari hajmi aniqlanmagan bo‘lsada. Dastur O‘zbekistonning 2030 yilgacha amal qiladigan «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatining emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha majburiyatlari bilan to‘liq mos keladi.
Loyiha hukumatga yanada samarali boshqaruv tizimini yaratish, davlat idoralari faoliyatini yaxshilash va mamlakatning iqlim xavflariga chidamliligini mustahkamlash imkonini beradi.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiya bankining press-relizida ta’kidlanishicha, dasturning asosiy bosqichlari orasida energetika va davlat kompaniyalarida boshqaruv shaffofligi va samaradorligini oshirish, iqlimga yo‘naltirilgan davlat xaridlari qoidalarini joriy etish, shuningdek, uglerod kreditlarini chiqarish va muomalasi uchun tushunarli va shaffof me’yorlarni yaratish kiradi. Bularning barchasi monitoring va hisobot tizimiga tayanadi hamda xususiy investitsiyalarni jalb qilishni osonlashtiradi.
«Ushbu dastur OIIBning O‘zbekistonda barqaror iqlim va iqtisodiy natijalarni ta’minlashga qodir bo‘lgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini aks ettiradi. <…> Biz O‘zbekiston hukumati bilan uning «yashil» o‘tishi yo‘lida yaqin hamkorlikni davom ettirishga umid qilamiz», — dedi OIIB investitsiyalar bo‘yicha direktori Konstantin Limitovskiy (2-mintaqa).
Resurslardan oqilona foydalanish, yanada toza energiya yechimlarini joriy etish va iqlimga yo‘naltirilgan tartibga solishni takomillashtirish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va iqlim xavflariga chidamlilikni oshirishga yordam berishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, energiya tejamkor texnologiyalardan kengroq foydalanish, shuningdek, energiya xarajatlarini kamaytirishi va, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun turmush sharoitlarini yaxshilashi kerak.



