O‘zbekistonda Samarkand-2028 sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqilmoqda. Yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt moduli ishlab chiqiladi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi. Ushbu loyiha 1 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida SIni turli sohalarda qo‘llash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Jumladan, prezidentga sog‘liqni saqlash sohasida zamonaviy texnologiyalardan faol foydalanilayotgani haqida ma’lumot berildi. Hozirda tibbiyot sohasida sun’iy intellekt bo‘yicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, ko‘krak saratonini sun’iy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80 foizga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda.
Prezidentimiz bu yetarli emasligi, sun’iy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin bo‘lgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, o‘pka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Ixtisoslashgan kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Kelgusi o‘quv yilidan boshlab maktablar, texnik kollejlar va universitetlarda sun’iy intellekt dasturlari joriy etilishi ta’kidlandi, bu esa informatika o‘qituvchilarining malakasini oshirishni talab qiladi. Lekin faqat ularni emas, butun maktab jamoasini sun’iy intellektdan foydalanishga o‘rgatib, o‘qituvchilarning yuklamasini kamaytirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Shunda o‘qituvchida o‘z ustida ishlashga ko‘proq vaqt qoladi, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.
Jumladan, maktab ta’limi uchun sun’iy intellektga asoslangan platformani joriy qilish taklif qilindi. Bunda o‘qituvchining virtual yordamchisi ishlab chiqiladi va platformaga integratsiya qilinadi. Ushbu yechim o‘qituvchilarga mavzuga doir ma’ruza matnlari, taqdimotlar, testlar, dars rejalarini tuzish, imtihon jarayonlarini nazorat qilishda ko‘maklashadi.
Transport sohasida sun’iy intellektga asoslangan innovatsiyalarni qo‘llash bo‘yicha ham g‘oyalar mavjud. Jumladan, sun’iy intellekt yordamida yo‘llardagi qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlash, vagonlar texnik holatini monitoring qilish orqali temir yo‘lda avariyalar xavfini kamaytirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, rasmiylar davlat rahbariga hokimlar maslahatchilarining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha malakasini oshirish dasturi haqida ma’lumot taqdim etdilar.
O‘zbekistonda infratuzilmani yaratish va IT xodimlarini tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadigan bir qator hujjatlar qabul qilingani ta’kidlandi. Jumladan, 2030 yilgacha strategiya tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda, AQSHning Nvidia kompaniyasi bilan hamkorlikda super kompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda.



