Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalov Ta’lim vaziriga zaif maktab o‘qituvchilarining 20 foizini ishdan bo‘shatishni buyurdi. Bu haqda Caravan Info siyosatchining «Nomad» telekanaliga bergan intervyusiga tayanib xabar berdi.
Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatda taxminan 800 ta ortiqcha maktab qurilgan, ammo ta’lim sifatiga yetarlicha e’tibor berilmayapti.
«Men maktablarga bordim va direktor: «Mana bu yerda tom, mana bino, mana bu yerda quryapmiz», deya gapini takrorlaydi. Lekin meni o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida nima bo‘layotgani qiziqtiradi. Shuncha yillar davomida biz ta’limni rivojlantirmay, maktablar qurdik. Biz taxminan 800 ta ortiqcha maktab qurdik. Endi qishloq joylardagi bo‘sh maktablarni qandaydir bolalar bog‘chalari bilan to‘ldirishga harakat qilyapmiz», – deydi Baysalov.
Uning fikricha, maktab tizimi har uch yilda yangilanishi kerak.
«O‘quv dasturlari, metodologiya va o‘qitish falsafasi — hamma narsa o‘zgarmoqda. Ta’lim jarayonidagi ishtirokchilar o‘zgarishi kerak», — deb ta’kidladi Bosh vazir o‘rinbosari.
U Qirg‘iziston Ta’lim vaziri Dogdurkul Kendirbayevaga maktablarni attestatsiyadan o‘tkazish va zaif o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi.
«Kecha men vazir Kendirbayeva bilan gaplashdim va dedim: ortiqcha o‘qituvchilarning 15-20 foizini aniqlang va ularni ishdan haydang. Ha, o‘qituvchilar yetishmaydi, lekin yaxshisi, sobiq jurnalistlar kabi odamlarni ko‘chadan tanlab, ularning barchasiga juda yaxshi maosh — 50-60 ming som (572-686 dollar) taklif qilib, ishga yollashni afzal ko‘ramiz», — dedi Baysalov.
Bosh vazir o‘rinbosarining bayonoti ijtimoiy tarmoqlarda tortishuvlar va muhokamalarga sabab bo‘ldi, deb ta’kidlaydi Kaktus.Media. Baysalov nashrga uning so‘zlari buzib ko‘rsatilganini aytadi.
Siyosatchi qirg‘iz maktablari chuqur inqirozda ekanini va kadrlar yangilanmasdan islohotlar samarasiz bo‘lishini ta’kidlaydi.
«Qirg‘izistonda malakasiz, professional standartlarga javob bermaydigan, nafaqat bolalarga yordam bermaydigan, balki ularga bevosita zarar yetkazadigan va hayotini barbod qilishi mumkin bo‘lgan o‘qituvchilar qatlami mavjud. Nima uchun men ulardan qutulmasligim kerak? Biz bu talablarni kuchaytiramiz, toki o‘qituvchilar o‘z ustida ishlasin va zamon talablariga javob bersin», — deb va’da beradi Bosh vazir o‘rinbosari.
Uning ta’kidlashicha, maktablardagi salbiy muhit aynan shunday qobiliyatsiz o‘qituvchilar tomonidan yaratiladi, ularning ko‘pincha «eng takabburi barcha dars soatlarini egallab oladi va yosh o‘qituvchilarni qo‘rqitadi». Baysalov maktablardagi madaniyat va axloqiy muhitni o‘zgartirish zarur deb hisoblaydi, toki «maktablar direktor shaxsiga sig‘inish yoki muayyan o‘qituvchilarga sig‘inish atrofida aylanmasin», balki ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilari xizmat ko‘rsatadigan bolaga e’tibor qaratsin.
Baysalov 1990 va 2000 yillari kasbga kirgan o‘qituvchilar ko‘pincha zarur bilim va ko‘nikmalarga ega emasliklarini ta’kidladi va ularni aniqlab, ularga qat’iy talablar qo‘yishga va’da berdi. Uning ta’kidlashicha, Ta’lim vazirligi allaqachon bunday xodimlarni, xususan, kompyuter ko‘nikmalarini tekshirish orqali aniqlamoqda: «Ko‘pchilik [ishdan ketish haqida] arizalarini topshirgan, bu bilan ular XXI asrdagi qobiliyatsizligi va hayotga tayyor emasligini namoyish etgan».
Kaktus.Media xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi o‘qituvchilarning matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, informatika va ingliz tili kabi fanlar bo‘yicha kompetensiyalarini baholash uchun test o‘tkazish to‘g‘risida buyruq chiqardi. Test Ta’lim vazirligi tomonidan taqdim etilgan noutbuklar yordamida onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Tadbirning maqsadi o‘qituvchilar uchun professional standart talablariga rioya qilish darajasini aniqlash, darslarni tayyorlash va o‘tkazishda, shu jumladan test topshiriqlarini bajarishda kompyuter texnologiyalaridan foydalanishni baholash va o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini rejalashtirishdir. Test sinovlari noyabr oyi oxiriga qadar yakunlanadi.
Avvalroq Qirg‘izistonda 191 ta bo‘sh maktab direktori lavozimlarini to‘ldirish uchun tanlov e’lon qilingan edi. Eng ko‘p bo‘sh ish o‘rinlari Jalolobod va O‘sh viloyatlarida — mos ravishda 58 va 46 ta. Bishkekda to‘qqizta direktor lavozimiga tanlov o‘tkazilmoqda.
