Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston elektr energiyasi va suvni o‘zaro yetkazib berishda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi, deb xabar beradi Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati.
22 noyabr kuni Olmaotada uch mamlakat suv va energetika vazirliklari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Qozog‘iston Suv resurslari va sug‘orish vaziri Nurjan Nurjigitov, Qirg‘iziston Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, O‘zbekiston suv resurslari vaziri Shavkat Hamrayev va Qirg‘iziston Suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirining o‘rinbosari Almaz Jeyenaliyev ishtirok etdi.
Uchrashuvda To‘xtag‘ul suv omboridagi murakkab gidrologik vaziyat muhokama qilindi, uning suv sathi o‘tgan yilga nisbatan pasaygan. Jumladan, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yaqinda suv sathi 2 milliard kubometrga pasayganini va bu butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi iste’molini cheklashga majbur qilayotganini ma’lum qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Edil Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda respublika hududlarida energiya iste’moli limiti (3-4 kVt) amal qiladi, bu esa to‘liq elektr uzilishlarining oldini olishga va elektr tarmog‘i barqarorligini saqlashga yordam beradi.
«To‘xtag‘ul suv omboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilishdi», — deyiladi O‘zbekiston Energetika vazirligi xabarida.
Kelishuv doirasida:
▪️ Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqladi. Bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtag‘ul suv omborida suv to‘plash imkonini beradi;
▪️Jamg‘arilgan hajm 2026 yil bahor va yoz fasllarida vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.
Mintaqa darajasida energiya iste’molini kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston elektr energiyasi tranziti va energiya tizimlarini muvozanatlash uchun texnik shartlarni taqdim etishga tayyorligini tasdiqladi.
Bundan tashqari, qishki elektr energiyasi ta’minoti hajmlarini qonuniy ravishda belgilovchi uch tomonlama protokol va 2026 yil vegetatsiya mavsumigacha suvni saqlash bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Ayni paytda, Baysalovning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek Moskvadan O‘zbekistondagi issiqlik elektr stansiyalarida Qirg‘iziston ehtiyojlari uchun elektr energiyasiga qayta ishlanishi rejalashtirilgan tabiiy gaz uchun qo‘shimcha kvota ajratishni so‘ragan.
«Bu judayam qimmatga tushadi. Lekin bu ishlar qishni issiq va yorug‘likda o‘tkazishimiz uchun barcha qulayliklarni ta’minlash uchun qilinmoqda», — dedi Baysalov.



