Rossiyadagi migrantlar bolalarining atigi 19 foizi rus tili imtihonidan so‘ng maktablarga qabul qilidi. Ushbu statistikani Ta’lim va fan sohasida nazorat bo‘yicha federal xizmat (Rosobrnadzor) rahbari Anzor Muzayev keltirdi, deb xabar beradi RIA «Novosti».
Biroq, mulozim umumta’lim muassasalariga joy olish uchun ariza topshirgan xorijiy voyaga yetmaganlarning umumiy soniga aniqlik kiritmagan.
Muzayevning ta’kidlashicha, migrantlar bolalari maktabga qabul qilinish uchun zarur hujjatlarni taqdim etishlari va testlar orqali rus tili bilimini namoyish etishlari kerak. Ushbu protseduralardan so‘ng, bolalarning atigi 19 foizi maktabda o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan.
«Ya’ni, ularning hujjatlari to‘g‘ri bo‘ldi va ular imtihondan o‘tisholdi», — deya aniqlik kiritdi Rosobrnadzor rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, federal xizmat o‘lkalar rasmiylaridan maktablarga qabul qilish uchun eng ko‘p ariza topshirilgan yirik mintaqalar bo‘yicha ma’lumot berishni so‘ragan. Rosobrnadzor rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu masala o‘rganib chiqilmoqda, o‘qituvchilar uchun nima o‘zgarganini, vaziyat va bolalar o‘rtasidagi muhit qanday o‘zgarayotganini sinchkovlik bilan o‘rganmoqda.
Joriy yilning sentyabr oyida rus tili testiga qabul qilingan migrantlar bolalarining atigi 50 foizi rus maktablarida o‘qish huquqini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda batafsil statistika ham taqdim etilgan bo‘lib, unga ko‘ra xorijiy fuqarolikka ega bo‘lgan 23 616 bola ta’lim olish uchun ariza bergan. Biroq, voyaga yetmaganlarning atigi 8223 oilasi to‘liq hujjatlar to‘plamini topshirgan. 5940 bola imtihon topshirgan va ulardan 2964 nafari o‘tgan.
Darvoqe, Rossiya rasmiylari protseduraga o‘zgartirishlar kiritishni ko‘rib chiqmoqda. Bir nechta deputatlarning tashabbusi bilan rus tili yagona ona tili bo‘lgan chet elliklar farzandlari majburiy rus tili imtihonidan ozod qilinishi kerak.
ℹ️ Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi (parlamenti) 2024 yil dekabr oyida rus tili imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tolmagan migrantlar bolalarining maktablarga qabul qilinishini taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi.
Test Rosobrnadzor tomonidan shu yilning 1 aprelidan o‘tkazib kelinmoqda. Baholash formati sinf darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Birinchi sinf o‘quvchilari og‘zaki muloqot qobiliyati — gapirish, tinglash va tushunish bo‘yicha sinovdan o‘tkaziladi. Baholash og‘zaki ravishda o‘tkaziladi va lug‘at, grammatika bilimlarini tekshirishni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi sinfdan boshlab test yozma topshiriqlarni, xususan, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini tekshirishni o‘z ichiga oladi.
Imtihondan tashqari, bolaning ota-onasi maktab ma’muriyatiga barcha kerakli hujjatlarni taqdim etishi shart. Jumladan, bola ota-onasining shaxsini tasdiqlovchi yoki vakilning qonuniy vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari, bola va uning ota-onasini Rossiyada qonuniy yashashini tasdiqlovchi hujjatlar, yuqumli kasalliklar yo‘qligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma va xorijiy hujjatlarning rus tiliga tegishli ravishda tasdiqlangan tarjimalari kiradi.

