Turkmaniston havoni ifloslantiruvchi metan chiqindilari eng yuqori bo‘lgan neft va gaz inshootlari reytingida yetakchi o‘rinni egalladi. Tegishli ro‘yxat Los-Anjeles (AQSH) dagi Kaliforniya universiteti mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan Stop Methane loyihasi saytida e’lon qilindi.
Ilmiy tashkilot tahlilchilari reytingni joriy yilning 1 yanvaridan 12 noyabrigacha olingan sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida tuzganliklarini ta’kidlaydilar. Reytingga ma’lum bir davrda havoga eng yuqori metan chiqindilarini tarqatgan konlar kiritilgan.
Ekologlarning aniqlik kiritishicha, ro‘yxatga soatiga 3,7 dan 10 tonnagacha chiqindilar chiqarayotgan joylar kiritilgan. Bu holat ko‘pincha Turkmanistonning Bolqon viloyatidagi Esenguli va Turkmanobod shaharlari yaqinida joylashgan sanoat inshootlarida qayd etilgan.
Umuman olganda, ushbu Markaziy Osiyo respublikasi reytingdagi 25 ta joyning 17 tasini egallaydi. Mutaxassislar ro‘yxatda atigi bir nechta davlatlar borligini ta’kidlamoqdalar. Turkmanistondan tashqari, ular qatoriga Venesuela, Eron, Pokiston va AQSH kiradi.
Stop Methane tashkiloti vakillarining xabar berishicha, ularning tadqiqotlarida butun dunyo bo‘ylab taxminan 2000 ta neft va gaz inshootlarida kuzatilgan 3000 dan ortiq metan chiqindilari haqidagi ma’lumotlardan foydalanilgan. Ma’lumotlar Amerikaning Tanager-1 sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan tasvirlar yordamida kosmik monitoring loyihasidan olingan. Ushbu sun’iy yo‘ldosh sayyoradagi neft va tabiiy gaz qazib olinadigan asosiy joylarni qayd etishi ta’kidlanadi.
Mutaxassislar shuningdek, zararli chiqindilar havo ifloslanishi va global isishga sezilarli darajada hissa qo‘shishini ta’kidlaydilar. Masalan, soatiga 5 tonna metan chiqaradigan manba (bu inshoot reytingning o‘rtasida joylashgan) bir yil davomida atmosferani millionlab mashina yoki bitta yirik ko‘mir bilan ishlaydigan elektr stansiyasi kabi ifloslantiradi.
Metan chiqindilari Turkmanistonda o‘nlab yillar davomida doimiy muammo bo‘lib kelgan. 2019 yili xalqaro ekologlar mamlakat g‘arbidagi Korpedje neft va gaz konidan havoga tarqalayotgan metanning millionlab avtomobillar tomonidan hosil qilingan ifloslanishga teng ekanini ko‘rsatuvchi tadqiqotni e’lon qilishgandi.
Ayni paytda, mamlakat rasmiylari bu zararli hodisaga qarshi kurashishga harakat qilmoqdalar va vaqti-vaqti bilan erishgan natijalar haqida e’lon qilishadi. Xususan, shu yilning aprel oyida «Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga yuzlanmoqda: umumiy farovonlik uchun birlashish» forumida Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov metan chiqindilari faqat 2024 yil oxiriga kelib 11 foizga kamayganini va bu rejalashtirilgan darajadan yuqori bo‘lganini ma’lum qilgandi.

