Qirg‘iziston dunyoda birinchi bo‘lib oltin bilan ta’minlangan davlat steyblkoinini muomalaga chiqardi

USDKG steybkoini ishlab chiqarilishi.Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Qirg‘iziston oltin bilan ta’minlangan hukumat steyblkoinini rasman chiqargan dunyoda birinchi davlatga aylandi. USDKG raqamli tokeni birinchi emissiyasining taqdimot marosimi 20 noyabr kuni prezident Sadir Japarov ishtirokida bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi uning matbuot xizmati.

Marosimda shuningdek, Moliya vaziri Almaz Baketayev va «Virtual aktivlar emitenti» OAJ boshqaruvi raisi Biybolot Mamitov ishtirok etdi. Bu USDKG ishlab chiqqan va muomalaga chiqargan kompaniya bo‘lib, u 100% Qirg‘iziston Moliya vazirligiga tegishli.

Marosim ishtirokchilari ramziy «start» tugmasini bosishdi va Tron tarmog‘ida 50 million USDKG tokenlarini ishlab chiqarishni rasman boshladilar. Har bir token bir AQSH dollariga teng va to‘liq jismoniy oltin bilan ta’minlangan.

USDKG oltin ishonchliligini blokcheyn texnologiyasi samaradorligi bilan birlashtirgan shaffof va xavfsiz raqamli valyuta hisoblanadi. Moliya vazirligi ushbu emissiya raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va mamlakatning moliyaviy suverenitetini mustahkamlashga qaratilgan sinov loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

USDKG ishlab chiquvchilari steyblkoin milliy Web3 infratuzilmasini rivojlantirish uchun asos bo‘lishi, davlat va xususiy xizmatlar uchun markazlashtirilmagan yechimlarni amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlamoqdalar. Loyiha shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish va texnologik hamkorlik uchun sharoit yaratishga qaratilgan.

Loyiha maslahatchisi Gabriel Gerra USDKG asosan transchegaraviy o‘tkazmalar uchun ishlatilishi rejalashtirilganini aytdi. Steyblkoin Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan 500 million dollarlik oltin bilan ta’minlanadi va zaxirani 2 milliard dollarga oshirish rejalashtirilgan.

Gerra USDKG USDT yoki PAXG tokenlari kabi oltin bozori narxlarini kuzatib bormasligini ta’kidladi. Token 1 USDKG = $1 kursi bo‘yicha chiqariladi va almashtiriladi, to‘liq oltin bilan ta’minlanadi. Steyblkoin egalari uni jismoniy oltin, boshqa kripto aktivlari yoki fiat valyutasiga almashtirishlari mumkin bo‘ladi.