AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga yana bir o‘zbek kompaniyasini qo‘shdi

AQSH Toshkentda joylashgan Datavice MCHJ kompaniyasini Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llaniladigan subyektlar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda 19 noyabr kuni AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan e’lon qilingan rasmiy hujjatda xabar berilgan.

OFAC Datavice MCHJni maxsus belgilangan fuqarolar va bloklangan shaxslar (SDN List) ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu shuni anglatadiki, kompaniyaning AQSH yurisdiksiyasidagi barcha aktivlari bloklanishi mumkin va AQSH kompaniyalari va fuqarolariga u bilan har qanday moliyaviy operatsiyalar amalga oshirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Datavice ikkilamchi sanksiyalar xavfi ostida qolgan, ya’ni kompaniya bilan biznes yuritadigan har qanday uchinchi tomon ham cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin.

Rasmiy hujjatda Datavice kompaniyasi CAATSA – Russia va CYBER4 toifalari bo‘yicha tasniflanadi, bu esa uning Rossiya infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlashini yoki kiberjinoyatchilik bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etishini ko‘rsatadi

OFAC Datavice MCHJni ilgari AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiyaning Aeza Group LLC kompaniyasi bilan aloqalarini aniq ko‘rsatgan. Aeza Group LLC turli kiberjinoyatchi guruhlarga, jumladan, talonchi-operatorlar va zararli dasturlar yaratuvchilariga «o‘q o‘tkazmaydigan» xosting xizmatlarini taqdim etishda ayblanadi. Aeza Group mijozlari orasida BianLian talonchi-dasturlari bilan bog‘liq guruhlar, shuningdek, tarmoqlarda noqonuniy faoliyat yuritadigan RedLine va BlackSprut platformalari bor. AQSH regulyatorlarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu subyektlar xosting xizmatlaridan AQSH mudofaa va texnologiya kompaniyalariga, shuningdek, butun dunyo bo‘ylab obyektlarga hujum qilish uchun foydalangan.

ℹ️ Avvalroq, 2024 yili ikkita o‘zbek kompaniyasi — Uzstanex va The Elite Investment Group OFAC sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shilgan edi. 2023 yili «Ohangaronsement» zavodi o‘zbek millatiga mansub rossiyalik biznesmen Alisher Usmonov bilan aloqadorligi sababli ro‘yxatga kiritilgandi. AQSH Moliya vazirligi zavodning nazorat ulushi Akkermann Cement CA ga tegishli ekanini ta’kidlaydi, uning asoschisi esa Usmonovning USM xolding kompaniyalaridan biri hisoblanadi.

AQSH sanksiyalar ro‘yxatiga birinchi bo‘lib 2022 yili iyun oyida o‘zbek xususiy kompaniyasi PROMCOMPLEKTLOGISTIC kiritilgan edi. AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniya 2022 yil mart oyida Rossiyaning «Radioavtomatika» kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etilganiga qaramay, u bilan hamkorlik qilishda davom etgan.