O‘zbekiston рrezidenti Shavkat Mirziyoyev ipoteka kreditlari portfelini 56,7 milliard dollargacha oshirish va Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasini tuzishni buyurdi.
Prezident farmoni 2040 yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy sektorini rivojlantirish va ipoteka bozorini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Hujjatning asosiy maqsadlari uy-joy sohasini barqaror va muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040 yilga qadar har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga olib chiqish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiq ko‘paytirgan holda 56,7 mlrd AQSH dollariga yetkazish belgilangan.
Farmonda uy-joy bozorini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Bularga quyidagilar kiradi:
▪️ urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish;
▪️ «Yangi O‘zbekiston» dasturi doirasida yashash sharoitlarini yaxshilash va qurilishni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish;
▪️ uy-joy bozoriga bank moliyasi va investorlarni jalb etish;
▪️ ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish;
▪️ uy-joy qurilishi sohasini «Uy-joyning yagona hayotiy sikli» tamoyili asosida kompleks isloh qilish va uni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish.
Farmonda 2040 yilgacha ipoteka kreditlari va uy-joy dasturlarining o‘sishi uchun asosiy yo‘nalishlar va maqsadlar tasdiqlangan. Xususan, unda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
▶️ Qurilish texnologiyalari, energiya tejamkor yechimlar va ekologik standartlarni rivojlantirishga urg‘u bergan holda, davlat va xususiy investorlarning mablag‘larini, shu jumladan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish mexanizmlari orqali jalb qilish;
▶️ O‘zbekistonda urbanizatsiya, uy-joy bozori va ipotekalarning barqaror rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashni tashkil etish;
▶️ Urbanizatsiya va uy-joy bozorining barqaror rivojlanishi bo‘yicha milliy qo‘mitani tashkil etish.
Qo‘mita vazifalariga ekologik standartlarni hisobga olgan holda uy-joy qurilishi sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirishni nazorat qilish va turli idoralar bilan samarali hamkorlikni ta’minlash kiradi. Kadastr agentligi Qo‘mitaga o‘tkaziladi.
Qo‘mitani tashkil etish to‘g‘risidagi qarorda uy-joy qurilishi, quruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va yangi turar-joy tumanlari uchun hududlarni belgilash bilan bog‘liq barcha asosiy qarorlar va qonunlar ushbu idora bilan muvofiqlashtirilishi belgilangan. Qo‘mita 50 nafar a’zodan iborat bo‘ladi va loyihani amalga oshirishga O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar mutaxassislarini jalb qila oladi. Qo‘mita ishi davlat budjeti va boshqa qonuniy manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Ilgari Soliq qo‘mitasi rahbari lavozimida ishlagan Sherzod Qudbiyev O‘zbekiston Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Soliq qo‘mitasiga ilgari Kadastr agentligini boshqargan Farrux Po‘latov rais etib tayinlandi.



