O‘zbekistonda 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumida 10 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilmoqda. Mutasaddilar ushbu rejani 18 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etishdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tegishli vazirliklar va idoralar rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, buning uchun «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moddiy-texnik bazasi kuchaytirildi, sohada qo‘shimcha ishlab chiqaruvchilarning faoliyati uchun sharoitlar yaratildi.
2024-2025 yillar kuz-qish mavsumi oxiriga kelib, qariyb 8,7 million tonna ko‘mir qazib olingani va issiqlik elektr stansiyalari, davlat sektori tashkilotlari va xonadonlarga yetkazib berilgani ta’kidlandi.
Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, boshqa energetika tarmoqlari qatori ko‘mir sanoatida ham yangi loyihalar amalga oshirilmoqda, bu esa quvvat va ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda. Bularning barchasi isitish mavsumida fuqarolar, ijtimoiy muassasalar va iqtisodiy tarmoqlarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash uchun amalga oshirilmoqda.
Prezident mavsum davomida respublika aholisini kafolatlangan ko‘mir bilan ta’minlashni buyurdi. Shuningdek, u korxonalarni modernizatsiya qilish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish muhimligini ta’kidladi. Mirziyoyev bozor tamoyillari va raqobatni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish zarurligini aytdi.
«Taqdimotda uran yo‘nalishidagi yangi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, geologiya-qidiruv ishlarining ko‘lamini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi», — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Oktyabr oyi oxirida O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov joriy kuz-qish davrida aholi va biznesga 10 million tonna mahalliy ko‘mir va 2 million tonna import qilingan ko‘mir yetkazib berish rejalashtirilganini ta’kidlagandi. Bundan tashqari, vazirlik boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, ushbu yoqilg‘ining 724 ming tonnasi omborlarda zaxiralangan.
O‘shanda vazir respublika energetika tizimi allaqachon kuz-qish mavsumiga o‘tganini va shu sabab quyi tashkilotlarda 24/7 navbatchilik uyushtirilganini aytgandi. Bundan tashqari, fuqarolar so‘rovlarini tezkor qabul qiluvchi qisqa raqamli koll-markazlari ishlamoqda: elektr energiyasi bo‘yicha — 1154 va gaz ta’minoti bo‘yicha — 1104 raqamini terish lozim.



