So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi («Yollanish») bo‘yicha jinoyat ishlari soni yetti baravardan ko‘proqqa oshgan — 2022 yildagi 19 tadan 2025 yilda 139 taga. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan tayyorlangan «Uzoqdan izlangan baxt» hujjatli filmida so‘z yuritiladi.
Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yildan beri O‘zbekistonda fuqarolarning xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etgani bilan bog‘liq 338 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. DXX har yili huquqni muhofaza qilish organlari yuzlab fuqarolarni diniy ekstremist yoki xalqaro terrorchi tashkilotlarga qo‘shilganini, shuningdek, xorijiy harbiy tuzilmalarga yollanma askar sifatida qo‘shilganini aniqlayotganini ta’kidlaydi. Sudlanuvchilarning aksariyati jinoiy tashkilotlar bilan aloqa qilganidan so‘ng yoki aldov yo‘li orqali harbiy harakatlarga jalb qilingan. Ba’zi hollarda moddiy manfaatlar bunga sabab bo‘lgan.
Jinoyat kodeksining 154-moddasi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishlari bo‘yicha statistika quyidagicha: 2022 yili 19 ta, 2023 yili 68 ta, 2024 yili 112 ta va 2025 yili 139 ta ish qo‘zg‘atilgan.
154-moddaning birinchi qismiga ko‘ra, xorijiy davlat yoki qurolli guruh tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etish besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Ikkinchi qismga ko‘ra (yollanma shaxsni yollash, o‘qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta’minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to‘qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish) jazo yetti yildan o‘n ikki yilgacha belgilanadi.
«Farg‘ona» yollanish moddasi bo‘yicha ko‘zg‘atilgan jinoyat ishlari haqida bir necha bor xabar bergan. Masalan, joriy yilning oktyabr oyida 55 yoshli Namangan fuqarosi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagani va Rossiya armiyasida xizmat qilgani uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Avvalroq, Buxoro viloyatida tug‘ilgan 32 yoshli shaxs Lugansk viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.



