Turkmaniston rasmiylari xorijda tahsil olgan talabalarga harbiy guvohnoma berishni rad etmoqda

milligosun.gov.tm saytidan olingan surat

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqib, vataniga qaytgan Turkmaniston fuqarolari harbiy komissariatlar qonunga xilof tarzda harbiy guvohnoma berishdan bosh tortayotganidan shikoyat qilmoqda. Buning ustiga, muassasa xodimlari bunday qaror sabablarini ochiqlamasdan, baʼzan: «Bu armiyada xizmat qilish oʻrniga chet elda yurganingiz uchun jazo», deya javob qaytarmoqda. Qonunchilikning bunday qoʻpol ravishda buzilishi haqida respublika fuqarolarining koʻrsatmalariga tayangan holda Turkmen.news xabar beradi.

Nashrning qayd etishicha, bunday shikoyatlar asosan Bolqon va Labop viloyatlaridan tushmoqda. Harbiy komissariatlar rahbariyatining qarshiligiga duch kelgan erkaklar bu holat jiddiy qiyinchiliklar keltirib chiqarayotganini taʼkidlamoqda. Zero, Turkmanistonda harbiy guvohnoma oʻta muhim hujjat hisoblanadi. U ishga qabul qilinish, doimiy roʻyxatdan oʻtish va bankda hisobraqam ochishda talab etiladi. Shu bois «hujjatsizlar» huquqlari sezilarli darajada cheklanib, koʻplab ijtimoiy xizmatlardan mahrum boʻlmoqda.

Harbiy komissariatlar, odatda, fuqarolarga aniq tushuntirish bermaydi. Respublikaning harbiy majburiyat toʻgʻrisidagi qonuniga koʻra, roʻyxatga qoʻyilmaydigan erkaklar toifasi nazarda tutilgan, biroq sogʻligʻi yoki oʻqishi sababli armiyaga chaqirilmaganlar uchun boshqacha tartib belgilangan. Bunday turkmanistonliklarga 26 yoshga toʻlgunga qadar muddat uzaytiriladi. Biroq qurolli kuchlar safiga chaqiruv 27 yoshdan taqiqlanadi. Shu bois xorijiy OTMlarning koʻplab bitiruvchilari uylariga aynan shu yoshga yetgachgina qaytadi. «Chaqiruv yoshi»ni chet elda oʻtkazgan talabalarning harbiy guvohnomasi boʻyicha qanday yoʻl tutilishi esa meʼyoriy-huquqiy hujjatda ochiqlanmagan.

OAV manbalari harbiy komissariatlarning hujjat berishni rad etishini mamlakat mudofaa vaziri Begench Gundogʻdiyevning farmoyishi bilan bogʻlamoqda. Bunda zobitlar keltirayotgan yagona sabab — hukumat «chaqiruv yillari»ni vatandan tashqarida oʻtkazganlar uchun shunday jazo oʻylab topgani bilan izohlanmoqda.

Aslida, bu kabi holat oʻtgan yili ham kuzatilgan, ammo unda amaldorlar harbiy guvohnoma bergani uchun ochiqchasiga pora talab qilgan edi.

Turkmen.news nashrining yozishicha, koʻpchilik turkmanistonliklar uchun armiyadagi xizmat muqaddas burch emas, balki qullik hisoblanadi. Boisi, muddatli harbiy xizmatchilar aksar hollarda komandirlarning shaxsiy tomorqalarida mehnat qilishga hamda majburiy paxta terimiga jalb etiladi.

Oʻgʻlini harbiy xizmatdan asrab qolish imkoniga ega boʻlgan oilalar oʻz imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishga harakat qiladi. Ular farzandlarini xorijga oʻqishga yuboradi. Bunda yigitlar oliygohni bitirgach ham, qurolli kuchlarda xizmat qilmasdan harbiy guvohnoma olish uchun 27 yoshga toʻlgunga qadar chet elda ishlab yuradi.