O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga (OQXJ) raislik qiladigan 2027–2029 yillarda umumiy qiymati 3,3 milliard dollar bo‘lgan 133 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tashabbuslar taqdimoti 9 noyabr kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevga namoyish etildi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.
Yaqin istiqbol uchun ishlab chiqilgan loyihalar suv resurslari, ekologiya hamda Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sohalarini qamrab oladi. Xususan, suv xo‘jaligi inshootlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, resurslarni taqsimlash hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologiya ma’lumotlarini monitoring qilish, toshqinlar va qurg‘oqchilikni bashorat qilish hamda bunday hodisalardan barvaqt ogohlantirish bo‘yicha mintaqaviy raqamli platformani ishga tushirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, aholini toza ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar ham o‘rin olgan.
Loyihalarni moliyalashtirishga xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamg‘armasi hamda Global ekologik jamg‘arma jalb etiladi.
Mirziyoyev mazkur tashabbuslarning muhimligini ta’kidlab, kelgusi yil uchun ishlarning oylik «yo‘l xaritasi»ni tasdiqlash va uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident, shuningdek, jarayonga xalqaro ekspertlar, professor va olimlarni, shu jumladan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni jalb etish zarurligini aytdi.
Taqdimotda O‘zbekistonning OQXJdagi raisligining ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, jamg‘arma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, uning organlari vakolatlarini aniq chegaralash hamda Afg‘oniston bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Xususan, «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetini OQXJning tegishli loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ilmiy-tahliliy platformaga aylantirish taklif qilindi. Shu munosabat bilan oliy ta’lim muassasasi faoliyati o‘zgaradi, masalan, ta’lim va tadqiqot jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish jadallashtiriladi, ekologik tiklash hamda suvni tejash sohasida ilmiy yondashuv kengaytiriladi.
Shu bilan birga, mutaxassislar Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, cho‘llanishga qarshi kurashish rejasini ishlab chiqadi. Universitetda Markaziy Osiyo respublikalari va Afg‘onistonning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda suv xo‘jaligi bo‘yicha bakalavriat va magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
ℹ️ Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi 1993 yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. Shu vaqt mobaynida mintaqa mamlakatlarining samarali hamkorligi va yirik moliyaviy institutlar ko‘magi tufayli OQXJ Orol dengizi havzasidagi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni ta’minlashga erishdi. Ayni paytda tashkilotga Qozog‘iston raislik qilmoqda, biroq kelgusi yildan boshlab tegishli vazifalar O‘zbekistonga o‘tadi.



