O‘zbekistonda keyingi yildan paxtani to‘liq mashinada terishga o‘tiladi

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati fotosi

2027 yilda O‘zbekiston paxtani qo‘lda terishdan butunlay voz kechib, jarayonni 100 foiz mexanizatsiyalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda respublika Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz».

Mulozimning ta’kidlashicha, 2026 yilda mamlakatda 5 million tonnadan ortiq paxta xomashyosi yig‘ib olingan bo‘lib, uning 75–80 foizi texnika yordamida terib olindi. Sirdaryo va Jizzax viloyatlari esa hosilni mexanizatsiyalashgan usulda yig‘ishtirib olishga to‘liq o‘tdi. Joriy mavsumda 3 mingga yaqin paxta terish mashinasi qatnashdi, ularning yarmi aynan shu yilning o‘zida xarid qilingan.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, uning idorasi prezident Shavkat Mirziyoyevning paxta iqtisodiy jihatdan manfaatli asosda yetishtirilishi va faqat mashinalarda terib olinishi lozimligi to‘g‘risidagi topshirig‘ini bajarmoqda.

Abdurahmonovning aniqlik kiritishicha, qo‘l mehnati katta hajmli texnika kira olmaydigan kichik maydonlarda hamda bog‘lar orasidagi paykallarda qo‘llanilgan. Bunday yerlarning maydoni 53 ming gektardan oshmaydi. Kelgusida ushbu yerlarni paxta maydonlari tarkibidan chiqarish — bu yerlarga sabzavot va boshqa ekinlar ekish rejalashtirilgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi rahbari mashinada terishga o‘tish dalalarda band bo‘lgan fermerlarning daromad manbalarini yo‘qotishiga olib kelmasligini ta’kidladi. Chunki paxta hosili hajmining o‘sishi kutilmoqda, bu esa to‘qimachilik sanoatida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Vazir joriy yilda yangi agrotexnologiyalar, shuningdek, g‘o‘za tunlamiga (qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandasi) chidamli navlar faol qo‘llanilganini qo‘shimcha qildi. Natijada qariyb 400 ming gektar maydonda o‘rtacha hosildorlik gektariga 70 sentnerga, taxminan 70 ming gektarda esa 100–110 sentnerga yetdi.

Biroq, barcha xo‘jaliklar ham bu yangiliklarni joriy etmagan, shu bois ularning ko‘rsatkichlari o‘rtacha natijalardan orqada qolmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday fermerlarni yashil, sariq va qizil toifalarga ajratib, alohida reyestrga kiritdi.

Abdurahmonov, shuningdek, boshqa mamlakatlar, xususan, Xitoy, Braziliya, Argentina va Turkiya tajribasidan foydalanish haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida faol qo‘llanilayotgan qalin ekish texnologiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Vazirning aytishicha, u yerda bir gektarga taxminan 250 ming tup ko‘chat ekilganda, hosildorlik o‘rtacha 90 sentnerga yetmoqda.

Bunday tajribani O‘zbekistonda ham joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Kelgusi yili barcha paykallarda o‘rtacha hosildorlik gektariga 70 sentnerga yetkazilishi kutilmoqda. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, umumiy paxta hosili 6 million tonnadan oshishi mumkin.

Shuningdek, soha idorasi rahbari respublikada ishlab chiqarilayotgan barcha paxta tolasi endilikda mamlakatning o‘zida qolib, mahalliy korxonalarda qayta ishlanayotganini ta’kidladi. Buning uchun, deya qo‘shimcha qildi Abdurahmonov, bugungi kunda O‘zbekistonda 142 ta to‘qimachilik klasteri va 183 ta fabrika faoliyat yuritmoqda.

Ilgari tola eksporti taxminan 1 milliard dollar daromad keltirgan bo‘lsa, endilikda tayyor mahsulotlarni xorijga yetkazib berish qariyb 4,1 milliard dollarni tashkil etmoqda. Istiqbolda bu ko‘rsatkichni 9 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan, dedi vazir.