Joriy yil iyun oyida Germaniya hukumati tomonidan Dushanbe shahriga qaytarilgan tojik muxolifatchisi Asadullo Boboyev o‘z vatanida 17 yilga koloniyaga hukm qilindi. Faol bir nechta band bo‘yicha, jumladan, respublika Jinoyat kodeksining konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga ommaviy chaqiriqlar qilish to‘g‘risidagi moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Bu haqda «Yevrosiyo uchun ozodlik» (Freedom for Eurasia, FFE) inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, hozircha Yevropada faoliyat yurituvchi «Tojikiston islohot va taraqqiyot» harakati a’zosi bo‘lgan 54 yoshli muxolifatchiga nisbatan hukmni aynan qaysi sud va qachon chiqargani ma’lum emas.
«Asadullo Boboyevga chiqarilgan hukm Germaniyaning uni qamoq va qiynoqlar kutayotgan mamlakatga qaytarish haqidagi qarorining bevosita oqibatidir. Yevropa davlatlari diktaturani tanqid qilish haqida gap ketganda, “yashash ruxsatnomasi bilan bog‘liq muammolar” ortiga yashirina olmaydi. Bunday har bir deportatsiya Rahmon rejimi uchun sovg‘a, barcha tojik muhojirlari uchun esa Yevropa sizlarni himoya qilmaydi, degan xabar hisoblanadi», — deydi FFE rahbari Leyla Nazgul Seyitbek.
Shu bilan birga, inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Markaziy Osiyo respublikasi hukumatini faolni zudlik bilan ozod qilishga, ish materiallarini oshkor etishga, mahbusning mustaqil advokat xizmatidan foydalanishi, oilasi bilan uchrashishi va tibbiy yordam olishini kafolatlashga chaqiradi.
Bundan tashqari, FFE Germaniya hukumati shaxsni qaytarmaslik tamoyili buzilganini tan olishi kerak, deb hisoblaydi. Bu tamoyil Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 3-moddasi hamda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 3-moddasida belgilangan. Tashkilot, shuningdek, Germaniya hukumatini diplomatik kanallar orqali Boboyevning ozod etilishiga erishishga chaqiradi. Bundan tashqari, Yevropa davlati rahbarlariga tojik muxolifati vakillarini deportatsiya qilishga moratoriy joriy etish va Tojikistonga berilgan bahoni qayta ko‘rib chiqish taklifi bildirilgan.
Boboyev ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va respublika Vazirlar Mahkamasini bir necha bor tanqid qilgan. 2017 yilda faol vatanidagi ta’qiblar sabab mamlakatni tark etib, dastlab Litvaga, keyin esa Germaniyaga ko‘chib o‘tgan.
Iyun oyi boshida muxolifatchi va uning 19 yoshli o‘g‘li Germaniyada yashash ruxsatnomasining amal qilish muddati tugagani hamda mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishni istamagani sababli migrantlarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgandi.
«Tojikiston islohot va taraqqiyot» harakati Germaniya sudiga faol deportatsiya qilingan taqdirda vatanida qiynoqlar va qamoq jazosi tahdidiga duch kelishini ko‘rsatuvchi hujjatlarni taqdim etgan. Biroq, sud himoya tomonidan Boboyevga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida ma’lumot olmaganini vaj qilib, qochqinning safdoshlari va inson huquqlari himoyachilarining chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirgan.
20 iyun kuni Tojikiston fuqarosi o‘g‘li bilan birga vataniga deportatsiya qilingan. Ayni paytda faolning turmush o‘rtog‘i Mastona Fayzulloyeva va ularning ikki qiziga Yevropada qolishga ruxsat berilgan.
Keyinroq Boboyev «Somon Eyr» aviakompaniyasining Myunxendan Dushanbe shahriga uchgan samolyoti bortida qiynoqlar va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Respublika poytaxtiga qaytishi bilan u darhol hibsga olingan, o‘g‘li esa buvisining qaramog‘iga topshirilgan.
Tojikiston fuqarosining deportatsiya qilinishi xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Human Rights Watch tashkiloti Germaniyani vatanida siyosiy sabablarga ko‘ra jinoiy ta’qibga uchrashi mumkin bo‘lgan xorijliklarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini bajarmayotganlikda aybladi.



