Islom sivilizatsiyasi markazida ustoz va murabbiylarni sharaflash tadbiri bo‘lib o‘tdi

Markaz xodimlari. ITSM fotosurati

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida mamlakatda 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ustoz va murabbiylarni sharaflashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va ma’rifat sohalarida faoliyat yuritayotgan olimlar, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov xodimlarni bayram bilan tabriklab, ularning jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

«Ustoz — insonga nafaqat bilim, balki hayot sabog‘ini, ma’naviy qadriyatlarni ham beradigan ulug‘ zot. Ayniqsa, tarix, ilm-fan va ma’rifatni o‘rganish hamda uni kelajak avlodga yetkazishda ustozlarning mehnati alohida ahamiyatga ega», — dedi Abduhalikov.

Uchrashuv davomida tarix fanlari doktori, professor Zohidullo Munavvarov, shuningdek, davlat tashkilotlarida uzoq yillar mas’ul va rahbarlik lavozimlarida mehnat qilgan tajribali mutaxassislar hamda Markaz jamoasining bir qator faol xodimlari bayram munosabati bilan samimiy qutlandi.

Tadbir ishtirokchilariga gullar topshirilib, ularning ilmiy, ta’lim va ma’rifiy faoliyatga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirildi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.