Qirg‘izistonning «Alga» futbol klubi direktori ukrainalik futbolchini urushga yuborish bilan tahdid qilganlikda ayblandi

Emil Kutmanov. Ijtimoiy tarmoqdagi fotosurat

Bishkekdagi «Alga» klubi futbolchisi bo‘lmish ukrainalik Aleksey Lobovning manfaatlarini himoya qiluvchi «ALЕTЕYYA ALYANS» kompaniyasi FK direktori Emil Kutmanovni futbolchiga tahdid qilganlikda aybladi. Kompaniyaning Telegram-kanalida e’lon qilingan bayonotga suhbatning audioyazuvi ham ilova qilingan bo‘lib, unda tahdidlar eshitiladi.

Lobovning vakillari futbolchi pichoqbozlik oqibatida jarohat olgani va ikki marta operatsiya qilinganidan so‘ng klub u bilan mehnat munosabatlarini tugatishga harakat qilayotganini ta’kidlaydilar.

13 avgustdan 14 avgustga o‘tar kechasi Bishkekda Lobovga noma’lum shaxs hujum qilib, unga pichoq bilan jarohat yetkazgan va voqea joyidan qochib ketgan. Ertaga kuni futbolchi qorin bo‘shlig‘idagi jarohati, oshqozon va katta charvi shikastlanishi, qorin ichiga qon ketishi hamda II–III darajali gemorragik shok bilan shoshilinch kasalxonaga yotqizilgan. Lobov operatsiya qilingan, keyinchalik uning asoratlar tufayli ikkinchi jarrohlik amaliyotini o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan. Hozirda u davolanish va reabilitatsiya jarayonini o‘tamoqda.

Futbolchining «Alga» klubi bilan shartnomasi 2027 yil 30 noyabrga qadar amal qiladi. «ALЕTЕYYA ALYANS» kompaniyasi ta’kidlashicha, voqeadan so‘ng klub Lobovga nisbatan ichki tekshiruv boshlagan va u bilan mehnat munosabatlarini tugatishga qaratilgan choralarni ko‘rgan.

28 sentyabr kuni futbolchining vakillari Kutmanovning «Alga»ning boshqa futbolchisi bilan suhbati audioyazuvini olib, uni o‘z bayonotiga ilova qilgan. Yozuvda ovozi «ALЕTЕYYA ALYANS» tomonidan klub direktoriga tegishli deb ko‘rsatilayotgan suhbatdosh aynan Lobov haqida gapiradi, uning xatti-harakatlarini salbiy baholaydi va futbolchi «uyushgan jinoiy guruh a’zosi deb topiladi» deya ta’kidlaydi.

Shundan so‘ng suhbatdosh Lobovning vizasini bekor qilish haqida gapirib, shunday deydi: «Agar bir hafta ichida vizasini bekor qilishsa, Ukrainaga jo‘nataman, urushga boradi».

«ALЕTЕYYA ALYANS» audioyazuvni professional futbolchilarning xalqaro kasaba uyushmasi — FIFProga taqdim etgan. Kompaniya, shuningdek, Kutmanovga nisbatan futbol tashkilotlarida intizomiy ish qo‘zg‘atish tashabbusi bilan chiqish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish huquqini o‘zida saqlab qolishini bildiradi.

Emil Kutmanov «Alga» klubiga 2025 yil mart oyida rahbar bo‘lgan. Unga qadar, jumladan, «Kirgiz Sport TV» telekanali bosh direktori bo‘lgan, Qirg‘iziston Futbol federatsiyasida tijorat direktori lavozimida ishlagan va bir qator tijorat tashkilotlariga rahbarlik qilgan. Kutmanov, shuningdek, Qirg‘iziston futbol ittifoqi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. 2026 yil aprel oyida u 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan KFI yangi Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga saylangan.

Material e’lon qilingan paytga qadar Kutmanov yoki «Alga» klubining Lobov vakillari bayonoti yuzasidan rasmiy izohini topishning imkoni bo‘lmadi.