Anqarada Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium bo‘lib o‘tadi

Tadbir afishasi. ITSM fotosurati

Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan xalqaro simpozium 6–7 oktyabr kunlari Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir tashkilotchilari — Turkiya Fanlar akademiyasi (TÜBA), Anqara Yildirim Boyazid universiteti, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi.

Simpozium ishtirokchilari Amir Temur shaxsiyati, shuningdek, Temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat va san’at rivojiga ta’sirini muhokama qiladi. XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoda yuz bergan ilmiy va madaniy yuksalishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ta’kidlash joiz, 2026 yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlanmoqda. O‘zbekistonda yubiley munosabati bilan qator ilmiy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Jumladan, 9–10 aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Amir Temurga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va xorijdan olimlar hamda Temuriylar davri tarixi bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etdi. Ishtirokchilar Amir Temur davlati va Temuriylar merosining Markaziy Osiyo hamda boshqa mintaqalar tarixidagi, ilm-fan va madaniyatdagi o‘rnini muhokama qildilar.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.