Qirg‘iziston jamiyati hozircha saylovlarda elektron ovoz berishga tayyor emas. Bu haqda respublika Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Tinchtiq Shaynazarov Jogorku Kenesh (parlament) yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi 24.kg.
Bayonot deputat Maxabat Mavlyanova mamlakatda halol va adolatli saylovlar o‘tkazish uchun sharoit yaratilgani, biroq jarayonni takomillashtirish zarurligi haqida bildirgan fikrlarga javob tariqasida yangradi. U elektron ovoz berish tizimiga o‘tishga intilish kerakligini ta’kidladi.
Shaynazarovning so‘zlariga ko‘ra, komissiya texnik jihatdan bunday tizimga tayyor va bu ovoz bergan saylovchilar sonini oshirishi mumkin.
«Ammo bitta xavf bor — saylovchilarni sotib olish holatlari ko‘payishi mumkin. Masalan, biror nomzod restoranda 200 kishini yig‘ib, shu yerning o‘zida ulardan o‘zi uchun ovoz berishni so‘rashi mumkin. Bunday holatlarni istisno qilib bo‘lmaydi», — dedi MSK raisi.
U kelajakda elektron ovoz berish tizimini joriy etishni istashini, «ammo hozircha xalq bunga tayyor emasligini» qo‘shimcha qildi.
Shu yig‘ilishda deputat Dastan Bekeshev ham saylovchilarni sotib olish mavzusida fikr bildirdi. U 2021 yilda prezident mahalliy kengashlarga saylovlarni bekor qilgani, parlament saylovlari esa barbod bo‘lganini eslatdi.
«Bularning barchasi saylovchilarni sotib olish tufayli sodir bo‘ldi. Hozir, albatta, bunday holatlar kamaygan, ammo MSK tomonidan kuchli kurash olib borilmadi. Saylovchilarni sotib olish holatlari bo‘lgan, biroq ular saylov poygasidan chetlatilmagan, vaholanki, bunday qilishlari kerak edi. MSK statistikasiga ko‘ra, saylovchilarni sotib olganlik uchun javobgarlikka tortish ko‘rsatkichlari achinarli. Hatto oldimga ochiqchasiga saylovchilar kelib, falon nomzod ularga pul bergani uchun saylovga borayotganini aytgan holatlar ham bo‘lgan», — dedi Bekeshev.
Deputat saylovchilarni pul evaziga emas, boshqa yo‘llar bilan saylovga borishga rag‘batlantirishni taklif qildi. Xususan, u saylovchilarni pora berish holatlari haqida xabar bergan shaxslarga pul to‘lanadigan jamg‘arma tashkil etish, shuningdek, saylovchilar uchun lotereya o‘tkazishni taklif qildi.
MSK rahbari saylovchilarni sotib olish holatlariga huquqiy baho berish Ichki ishlar vazirligining vakolati ekanini ta’kidladi.
«Biz huquqiy baho bera olmaymiz. Jinoyatning guvohi bo‘lgan taqdirimda ham, shaxsan men unga baho bera olmayman. Jamg‘arma va lotereya tashkil etilishiga qarshi emasman, ammo bu bilan boshqa organ shug‘ullanishi kerak, deb hisoblayman. Chunki saylovchilarni rag‘batlantirish pul mablag‘larining harakatini nazarda tutadi, biz esa bevosita saylovlarni tashkil etish bilan shug‘ullanamiz», — deya tushuntirdi Shaynazarov.
Yig‘ilishda 2025 yilda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi parlament saylovlariga sarflangan mablag‘lar haqida ham ma’lumotlar keltirildi. Shaynazarovning so‘zlariga ko‘ra, budjetdan 647,7 million som (7,4 million dollar) sarflangan. Dastlab 757 million som (8,6 million dollar) ajratilishi rejalashtirilgan, natijada 109 million somdan ortiq (1,25 million dollar) mablag‘ tejalgan. MSK rahbari mablag‘lar aynan qaysi yo‘nalishlarda tejalganini aniqlashtirmadi.
Jogorku Keneshga muddatidan oldingi saylovlar 30 noyabr kuni yangi majoritar tizim asosida bo‘lib o‘tdi. Mamlakatda 30 ta ko‘p mandatli saylov okrugi tashkil etildi va ularning har biridan uch nafardan deputat saylandi. Saylov muddatlari qisqartirilgani sababli kampaniyani tayyorlash va o‘tkazish uchun ikki oy vaqt berildi. Saylovchilar ro‘yxatiga qariyb 4,3 million kishi kiritildi. Ovoz berishda taxminan 1,6 million saylovchi ishtirok etdi. Saylovchilar ishtiroki 36,9 foizni tashkil qildi.



