Tojikistonda huquq himoyachilarining xavfsiz faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlar so‘nggi yigirma yil ichida shu qadar qisqardiki, bugun mamlakatda bir vaqtlar faol bo‘lgan huquq himoyachilari hamjamiyatining o‘zi saqlanib qolishi xavf ostida. Bu haqda Bryusselda joylashgan International Partnership for Human Rights (IPHR) tashkilotining 2026 yil sentyabr oyida e’lon qilingan «On Unsteady Ground: Human Rights Defenders in Tajikistan» nomli hisobotida so‘z yuritilgan.
37 sahifadan iborat hujjat ko‘p yillik kuzatuvlar va Tojikistonning shahar hamda qishloq hududlaridagi huquq himoyachilari bilan 2025 yilda o‘tkazilgan 20 dan ortiq intervyu asosida tayyorlangan. Mualliflar 2007 yildan boshlab hokimiyat saylov huquqlari, diniy erkinlik va milliy ozchiliklar huquqlari bilan shug‘ullangan guruhlarga nisbatan cheklovlarni joriy eta boshlaganini qayd etadi. 2010 yillar o‘rtalarida esa siyosiy muxolifat — 2015 yilda ekstremistik deb topilgan TIUP (Tojikiston islom uyg‘oniy partiyasi) partiyasi tor-mor etilgani ortidan bosim keskin kuchaygan.
Aynan shu davrda partiya a’zolarini himoya qilgan advokatlar hibsga olingan. Ular orasida hanuzgacha qamoq jazosini o‘tayotgan huquqshunos Buzurgmehr Yorov ham bor. Huquq himoyachilari fikricha, unga qarshi ish himoyasi ostidagi shaxslarga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani haqida bildirgan bayonotlariga javoban qo‘zg‘atilgan.
Hisobot mualliflarining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida mustaqil jurnalistlar va blogerlarga nisbatan bosim ham keskin kuchaygan: eng tajribali muharrirlarning o‘nlab nafari mamlakatni tark etgan, qolganlar esa o‘zini o‘zi senzura qilishga majbur bo‘lmoqda. Ekstremizm, adovat qo‘zg‘atish yoki davlatga xiyonat qilishda ayblanib sudlanganlar orasida hisobotda jurnalistlar Abdullo G‘urbati, Daler Imomali, Xurshed Fozilov, Ahmad Ibrohim va Ruxshona Hakimova tilga olinadi. Ruxshona Hakimova Tojikistonda Xitoy ta’siri haqidagi materiallari bilan bog‘liq holda «davlatga xiyonat»da ayblanib, 2025 yil fevral oyida sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Alohida bob 2021 va 2022 yillarda Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati (TBMV)dagi namoyishlarni shafqatsiz bostirishga bag‘ishlangan. Mualliflar bahosiga ko‘ra, o‘sha voqealarda kamida 40 kishi halok bo‘lgan. Shundan so‘ng voqealarni tergov qilish uchun tuzilgan «44 komissiyasi» a’zolari, jumladan, huquqshunos Manuchehr Xoliqnazarov hibsga olingan. U 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va keyinchalik Martin Ennals nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlangan.
Hisobot fuqarolik jamiyati uchun huquqiy maydonning tizimli ravishda torayib borayotganini ham qayd etadi: 2021–2022 yillarda TBMVda aksariyat NNTlar o‘z faoliyatini to‘xtatgan, bugun esa u yerda atigi 35 ta tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning o‘ntadan kami zaif qatlamlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. Mamlakat bo‘ylab 2025 yilda yana 85 ta NNT o‘z faoliyatini to‘xtatgan, o‘sha yilning 1 oktyabridan esa jamoat birlashmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari keskin oshirilgan.
Yana bir alohida muammo — moliyalashtirish. 2025 yil yanvar oyida AQSHning Tojikistonga yordamini to‘xtatish haqidagi farmoni OIV bilan yashayotgan ayollar, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari va LGBT hamjamiyati bilan ishlaydigan tashkilotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Nota Bene jamg‘armasining e’lon qilinmagan so‘rovi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rganilgan 38 ta NNTdan 22 tasi AQSHdagi donorlarga bog‘liq bo‘lgan.
Hisobot mualliflari Dushanbe shahriga nisbatan xalqaro bosimning susayishini kengroq geosiyosiy o‘zgarishlar — Rossiyaning Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bosqini, AQSHning inson huquqlarini ilgari surishdan chekinishi va Xitoyning mintaqaga ta’siri kuchayishi bilan bog‘laydi. Shunga qaramay, IPHR xalqaro hamjamiyatni tojikistonlik huquq himoyachilarining ekspertizasi va tajribasidan foydalanish imkoniyatini yo‘qotmaslikka, siyosiy mahbuslarni, jumladan Xoliqnazarov va Yorovni, hech qanday shartlarsiz ozod qilishni talab etishga hamda notijorat tashkilotlar to‘g‘risidagi yangi qonun xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishini, davlat nazoratini kuchaytirishga xizmat qilmasligini talab qilishga chaqiradi.



