«O‘zbekneftegaz» aksiyadorlik jamiyati joriy yil avgust oyida 27 ta yangi quduqni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, «Yangi Kultak», «Niyoz», «Qoratau», «Marvarid» va «Tegirmon» konlarini o‘zlashtirish hisobiga korxona qo‘shimcha ravishda 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga aholi va biznesni uglevodorod resurslari bilan uzluksiz ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishichka, mamlakatimizda sanoat quvvatlari kengayib, aholi ehtiyojlari ortib borayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlariga talabni oshirmoqda. Bunday sharoitda respublika ichki bozorini mazkur mahsulotlar bilan barqaror ta’minlash, ehtiyojlarni oldindan hisobga olish va narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda muhim.
Davlat rahbari neft-gaz sohasining holati uchun mas’ul mansabdorlarga tarmoqlar va hududlarning ehtiyojlarini aniq hisob-kitob qilish hamda yetkazib berish jadvallariga qat’iy rioya etishni topshirdi.
Shuningdek, quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz tashish tizimiga ulashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni har kuni nazorat qilish muhimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, bugungi kunda neft-gaz sohasidagi korxonalarni xomashyo bilan bir maromda ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish va respublika ichki bozorida yuqori talabga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarur.
Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli miqdorda yetkazib berish, zaxiralarni oldindan shakllantirish, mahsulotni qazib olish, tashish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning hamjihatlikda ishlashini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda narxlar barqarorligini saqlash uchun bozordagi taklif hajmini barqaror darajada ushlab turish, mahsulotlarni talabdan kelib chiqqan holda birja savdolariga chiqarish, shuningdek, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish lozimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan prezident tegishli idoralarga resurslar yetkazib berishni asossiz cheklash, sun’iy taqchillik yaratish va narxlarni sun’iy ravishda oshirishga qaratilgan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik ustidan samarali nazorat o‘rnatishni topshirdi.
Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari ta’minotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.



