Tataristonning Nijnekamsk shahridagi Ukraina dronlari hujumi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ham bor, deb xabar beradi TNV telekanali respublika rahbari Rustam Minnixanov matbuot xizmatiga tayanib.
Rossiya ommaviy axborot vositalari hujum qurbonlari orasida nechta chet el fuqarolari bo‘lgani va ular kim ekani haqida hozircha tafsilot keltirmagan.
Keyinroq O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonning yetti nafar fuqarosi borligini ma’lum qildi.
Diplomatik vakolatxona vaziyat nazorat ostida ekanini, mahalliy tergovchilar bilan aloqa o‘rnatilganini ma’lum qildi. Sud-tibbiy ekspertizasi va boshqa zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng marhumlarning jasadlarini vatanga yuborish choralari ko‘riladi.
Dronlar hujumi oqibatida jami 13 kishi, jumladan bir nafar bola halok bo‘lgani ma’lum. Gap tez tibbiy yordam mashinasi yetib kelguniga qadar vafot etgan qiz haqida bormoqda.
Jami 75 kishi tibbiy yordam uchun murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Ikki nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir ekani ta’kidlanmoqda. Tatarstan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, yaralanishlarning asosiy sababi dron hujumi vaqtida qo‘llanilgan zarar yetkazuvchi elementlar bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi Nijnekamskka dronlar hujum qilgani fakti bo‘yicha terrorchilikka oid jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Mahalliy hokimiyat qurbonlar va jabrlanganlar haqida batafsil ma’lumot olish uchun ishonch telefonini ishga tushirdi: 8 (8555) 32-22-01.
Avvalroq Minnixanov matbuot xizmati 10 avgust kuni ertalab Nijnekamskdagi sanoat va fuqarolik obyektlariga Ukraina dronlari tomonidan hujum uyushtirilganini xabar qilgan edi. Hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab fuqarolar jarohat oldi.
Shu munosabat bilan Tatarstan rahbari motam e’lon qilgan.
Minnixanov, shuningdek, respublika hukumati bilan tezkor yig‘ilish o‘tkazib, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Shu maqsadda Naberejniye Chelnidan Nijnekamskka qo‘shimcha tibbiyot xodimlari brigadalari yuborilgan. Bundan tashqari, tegishli xizmatlarga dron hujumlari oqibatlarini tezkor bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.



