The Guardian toliblar davrida Afg‘onistonda ayollarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq 231 ta holatni aniqlagan

Liza Shams, fevral oyida vafot etgan. Uning oilasi Liza eri Hasibulla Sarvariy tomonidan o‘ldirilgan deb hisoblaydi. The Guardian fotosurati

Toliblar hokimiyati davrida Afg‘onistonda o‘z oilasidagi ayollarni o‘ldirgan erkaklarni amalda jazosiz qolishini kafolatlaydigan tizim shakllangan. The Guardian nashri Zan Times tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra, gap mamlakatning turli viloyatlarida qayd etilgan o‘nlab holatlar haqida bormoqda. Zan Times muhojirlikda faoliyat yuritadi va mamlakat ichidagi jurnalist ayollar tarmog‘i orqali ma’lumot to‘playdi.

Jurnalist ayollar 2021 yil avgust oyida toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan buyon Afg‘onistonning 34 viloyatidan 10 tasida ayollarning halok bo‘lishi bilan bog‘liq 231 ta holat haqida ma’lumot to‘plagan. Ularning 174 tasi mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan qayd etilgan, yana 57 ta holatni jurnalistlar o‘zlari hujjatlashtirgan va ular avval hech qayerda e’lon qilinmagan.

Halok bo‘lganlar soni eng ko‘p Jauzjon (36 nafar), Hirot (32), Badaxshon (28) va G‘azni (26) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Qurbonlarning yoshi besh yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning o‘ndan yetti qismi — 231 nafardan 165 nafari — o‘z daromadiga ega bo‘lmagan va oiladagi zo‘ravonlikdan o‘zini himoya qilish uchun biror-bir institutsional imkoniyatga ega bo‘lmagan uy bekalari bo‘lgan. 231 ta holatdan atigi 58 tasi bo‘yicha hibsga olish amalga oshirilgan, ko‘p hollarda esa qo‘lga olinganlar bir sutka o‘tiboq ozod qilingan. Har beshta o‘lim holatidan bittasidan ko‘prog‘i rasman o‘z joniga qasd qilish sifatida tasniflangan, hatto zo‘ravonlik bilan o‘lim yuz berganini ko‘rsatuvchi aniq belgilar mavjud bo‘lgan hollarda ham. Jauzjon viloyatidagi tibbiyot xodimining so‘zlariga ko‘ra, «o‘z joniga qasd qilish» tamg‘asi bilan shifoxonaga olib kelingan ko‘plab ayollarning tanasida kaltaklashdan qolgan jarohatlar va ko‘karishlar bo‘lgan.

Surishtiruvning asosiy voqealaridan biri — 33 yoshli Liza Shamsning 1 fevral kuni vafot etgani bo‘lgan. O‘limiga sal oldin yozib qoldirgan ovozli xabarlarida u eri Hasibulla Sarvariy homiladorligi vaqtida uni kaltaklagani va yolg‘iz holda saqlaganini aytgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida yuz suyaklari va burun atrofidagi bo‘shliqlar devorlarining ko‘plab sinishlari, keng ko‘lamli gematomalar va tanasining turli qismlarida jarohatlar qayd etilgan. Biroq, rasmiy o‘lim sababi kalamush zahridan zaharlanish deb ko‘rsatilgan. Marhuma otasining aytishicha, erining oilasi talabi bilan patologoanatomik tekshiruv o‘tkazilmagan. Erining qarindoshlari jurnalistlarning savollariga javob bermagan, biroq ayol o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlashgan.

Yana bir holat — Kobuldagi BMT agentliklaridan birida ishlagan 33 yoshli Freshta Emadiyning o‘limidir. U 31 may kuni uyida o‘lik holda topilgan. Eri “Tolibon” politsiyasiga uni ruhiy kasallik tufayli o‘z joniga qasd qilganini aytgan. Biroq, marhumaning besh nafar tanishi jurnalistlarga u 15 yil davomida kaltaklash va bo‘g‘ishlarga duchor bo‘lganini aytib bergan. Hamkasblaridan biri erining uni so‘yib tashlash bilan tahdid qilganini eslagan.

Surishtiruv qizlarini himoya qilishga uringani uchun ularning qarindoshlari ham jazoga duch kelganini ko‘rsatadi. Qandahor viloyatida ancha katta yoshdagi erkakka turmushga berilgan 14 yoshli qiz zo‘ravonlikdan qochib, otasining uyiga ketgan. 2024 yil oktyabr oyida uning eri — “Tolibon”* harakatining amaldagi a’zosi — qizini otib o‘ldirgan va uni himoya qilishga uringan ukasini og‘ir yaralagan. Jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ammo hibsga olish amalga oshirilmagan. Sari-Pul viloyatida esa may oyida 16 yoshli Sara va uning onasi Chaman o‘ldirilgan. Eronda ta’lim olgan shifokor Chaman qizini mahalliy toliblar amaldoriga oldindan kelishilgan qalin pulisiz berishdan bosh tortgan. Ayollar otib o‘ldirilgan, gumonlanuvchi esa qidiruv tadbiri natijasida qo‘lga olingan.

2021 yil avgustidan so‘ng ayollarni institutsional himoya qilish tizimi amalda tugatilgan. Toliblar Ayollar ishlari bo‘yicha vazirlikni, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha maxsus prokuraturani va boshpanalar tarmog‘ini tugatgan, qariyb 250 nafar ayol sudyani lavozimidan chetlashtirgan va ayol prokurorlarni uyiga jo‘natishgan. Ilgari ayollarning o‘ldirilishi bo‘yicha statistika yuritgan Bosh prokuratura 2023 yilda tugatilgan. Shundan so‘ng amaldagi hokimiyat bu borada hech qanday statistika yuritmayapti.

Toliblarning yangi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, xotinini ko‘rinib turgan jarohatlar, jumladan, sinishlargacha olib keladigan darajada kaltaklagan erkak uchun jazo 15 sutkagacha qamoq bilan cheklanadi. Agar ayol erining ruxsatisiz ota-onasining uyiga ketsa, oila esa uni erining talabi bilan qaytarishdan bosh tortsa, ayolning o‘zi ham, uning qarindoshlari ham uch oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Afg‘oniston qonunchiligi endi ayolga o‘z ishida bevosita taraf bo‘lish imkonini bermaydi. Masalan, Taxor viloyatida 2025 yil may oyida eri pichoqlab, keyin tanasiga o‘t qo‘ygan 23 yoshli ayolning onasiga sud uning ishini yuritish bo‘yicha ishonchnomani eriga berishni buyurgan. Bunga «ayol ariza yoki ishda bevosita taraf bo‘la olmaydi» degan asos keltirilgan.

«BMT-Ayollar» tuzilmasi tomonidan 2025 yil iyun oyida e’lon qilingan Afg‘oniston gender indeksiga ko‘ra, toliblar hokimiyatga kelgunga qadar ham mamlakatda gender zo‘ravonligi ko‘lami jahon o‘rtacha ko‘rsatkichidan qariyb uch baravar yuqori bo‘lgan. 2018 yilda afg‘on ayollarining qariyb 35 foizi so‘nggi bir yil davomida turmush o‘rtog‘i tomonidan zo‘ravonlikka uchraganini bildirgan, jahonda bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil etgan.

Surishtiruv mualliflari ta’kidlashicha, hujjatlashtirilgan 231 ta holat Afg‘onistonda ayollarning o‘ldirilishi bo‘yicha to‘liq statistika emas, balki mavjud qonuniyatlar va jazosizlik ko‘lamini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar to‘plamidir. Bir necha viloyatda jurnalist ayollar halok bo‘lganlarning oilalari bilan bog‘lanishga uringanidan so‘ng tahdidlarga duch kelgan. Liza Shamsning audioyozuvlari va tibbiy hujjatlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib kelayotgan otasining so‘zlariga ko‘ra, Lizani shifoxonaga olib borgan qizlari toliblar tomonidan chaqirtirilgan va hozirda ular yashirinib yurishga majbur bo‘lishgan.

*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot