Qozog‘iston iyul oyida Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) faoliyatidagi uzilishlar fonida neft eksporti oqimlarining bir qismini qayta taqsimladi. Bu haqda respublika Energetika vazirligi «Interfaks» agentligiga ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, neft hajmining bir qismi boshqa amaldagi yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan. Jumladan, Atirau — Samara yo‘nalishi bo‘yicha neft tashish hajmi oshgan, shuningdek, Xitoyga yetkazib berilayotgan neft hajmi ham ko‘paygan. Qolgan yo‘nalishlarda tashish hajmi o‘rtacha rejaviy ko‘rsatkichlar darajasida saqlanib qolgan.
Eksport oqimlarining qayta taqsimlanishi Novorossiysk yaqinidagi KQK dengiz terminali hududida tankerlarga bir qator dronlar hujum qilgani fonida yuz berdi.
17 iyuldan 20 iyulgacha bo‘lgan davrda NELSA, ASIA, NISSOS IOS va Nordic Zenith tankerlariga hujumlar qilindi. 20 iyul kuni KQK dengiz terminalida neft yuklash ishlari to‘xtatilganini, keyinroq esa quvurlar tizimiga xomashyo qabul qilish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Uzilishlar tufayli Qozog‘iston neft qazib olish hajmini qisqartirishga majbur bo‘ldi.
27 iyul kuni Qozog‘iston Energetika vazirligi Tengiz — Novorossiysk yo‘nalishi bo‘yicha neft tashish qayta tiklanganini ma’lum qildi. Biroq, 30 iyul kuni Marshall orollari bayrog‘i ostidagi NISSOS SIFNOS tankeriga hujum qilinganidan so‘ng KQK yana neft yuklashni to‘xtatdi. Neft yuklash vaqtida kema yong‘inga duch keldi. Yuk jo‘natuvchi «Tengizshevroyl» bo‘lib, u Tengiz koni operatori va Chevron ishtirokidagi qo‘shma korxona hisoblanadi.
Shu kuni terminaldan taxminan olti dengiz mili uzoqlikda neft yuklash uchun yo‘l olgan Men oroli bayrog‘i ostidagi MARATHI tankeriga ham hujum qilindi.
Kaspiy quvurlari konsorsiumi Qozog‘istonning yirik Tengiz, Qashagan va Qarachig‘anoq konlaridan neft tashiydi. Qozog‘iston nefti eksportining 80 foizdan ortig‘i ushbu yo‘nalish orqali amalga oshiriladi.
O‘tgan hafta Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, Ukraina AQSH vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng KQK infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatish majburiyatini olganini xabar qildi. Biroq, Kiyev bunday kelishuv mavjudligini ommaviy ravishda tasdiqlamadi.
2025 yilda KQK tizimi orqali qariyb 70,5 million tonna neft tashilgan, 2026 yil uchun prognoz esa 72 million tonnani tashkil etgandi. Hajmning 75 foizdan ortig‘i xorijiy yuk jo‘natuvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida Chevron, ExxonMobil, «QazMunayGaz», Eni va Shell bor.



