Markaziy Osiyo turizm sohasining o‘sish sur’atlari bo‘yicha jahon yetakchisiga aylandi

zamon.uz sayti fotosurati

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasining o‘sish sur’atlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etib, ko‘plab mezonlar bo‘yicha 13 ta mintaqaviy guruhga ajratilgan boshqa davlatlardan o‘zib ketgan. Bu haqda Jahon sayohat va turizm kengashi (World Travel & Tourism Council, WTTC) hisobotida aytilgan.

Xalqaro tashkilot «Markaziy Osiyo» guruhiga to‘rtta davlatni — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonni kiritgan. Ushbu davlatlar bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar alohida keltirilmagan, raqamlar faqat umumiy ko‘rsatkichlarni aks ettiradi. Turkmaniston statistikasi esa reytingni shakllantirishda umuman hisobga olinmagan.

Hisobot davrida respublikalar turizm sohasini faol rivojlantirdi va bu mintaqaga o‘sish ko‘rsatkichlarining aksariyati bo‘yicha yetakchilikni ta’minladi. Xususan, sohaning yalpi ichki mahsulotni shakllantirishdagi hissasi 17,7 foizga, xorijiy sayyohlarning xarajatlari esa 26,4 foizga oshgan.

Faqat birgina turizm sohasiga investitsiyalar o‘sishi bo‘yicha Markaziy Osiyo uchinchi o‘rinni egallagan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqa Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqdan ortda qolgan.

Ta’kidlanishicha, bu holatda aynan o‘sish dinamikasi hisobga olingan, real ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa, aksincha, Markaziy Osiyo autsayder hisoblanadi. Bu ko‘p jihatdan guruhlar tarkibidagi davlatlar soni bilan bog‘liq, chunki mazkur guruhga sobiq Sovet Ittifoqining to‘rtta respublikasi kiradi. Taqqoslash uchun, «Karib havzasi mamlakatlari» toifasiga 23 ta davlat va hudud kiritilgan.

Jumladan, tahlilchilar bahosiga ko‘ra, o‘tgan yili Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga turizm sohasining jami hissasi 20,1 milliard dollarni tashkil etgan. Reyting yetakchisi — Shimoliy Amerika davlatlarida esa bu ko‘rsatkich 3 trillion dollardan oshgan.

Yoki, masalan, sayyohlarning safarlar davomidagi xarajatlarini olaylik. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham Markaziy Osiyo 9,9 milliard dollar bilan so‘nggi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rin esa «Yevropa Ittifoqi» guruhiga tegishli — ittifoq davlatlarida sayyohlar 619 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.

WTTC ekspertlari, shuningdek, kelgusi o‘n yillikda sohaning rivojlanishi bo‘yicha prognozni ham taqdim etgan. Kutilayotganidek, raqobatchilarning o‘sishi fonida Markaziy Osiyo ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atlari sekinlashadi. Bir necha yildan so‘ng mintaqa barcha toifalarda, jumladan, o‘sish sur’atlari reytinglarida ham yetakchilikni qo‘ldan boy beradi. Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Shimoli-sharqiy Osiyo yetakchilik qiladi.