Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Temir Sariyev Wildberries kompaniyasiga logistika quvvatlari va omborlarining bir qismini respublika hududiga ko‘chirishni taklif qildi. Ushbu taklifni u Qirg‘iziston-Rossiya ishbilarmonlik kengashining yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.
«Ombor infratuzilmasini Qirg‘izistonda joylashtirish — bu nafaqat iqtisodiyot, balki xatarlarni diversifikatsiya qilish masalasi hamdir. Tovarlar bir joyda saqlanmasligi kerak», — deya ta’kidladi Sariyev.
Omborlarni Qirg‘izistonga ko‘chirish Qirg‘iziston va Rossiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish yo‘lidagi qadam sifatida ko‘rilmoqda. Sariyevning fikricha, ushbu ko‘rsatkichga erishish yo‘lida uchta asosiy to‘siq mavjud:
▪️ Byurokratiya va qoidalar — markirovka va hujjatlardagi tafovutlar biznesni qayta tekshiruvlardan o‘tishga majbur qilmoqda;
▪️ Chegaralardagi kechikishlar — muvofiqlashtirilmagan sanitariya nazorati va navbatlar tovarlarning buzilishiga olib kelmoqda;
▪️ Marketpleyslar bilan bog‘liq xatarlar — Rossiyadagi Wildberries ombor-xablarida yuz bergan favqulodda holatlar va yong‘inlar qirg‘izistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar keltirmoqda.
Jumladan, Qirg‘izistondagi tikuvchilik korxonalarining mahsulotlari Rossiyaning Elektrostal va Kotovsk shaharlaridagi Wildberries omborlarida saqlangan bo‘lib, ushbu omborlarga 18 iyulga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujum qilgan. Shundan so‘ng Qirg‘iziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi marketpleys vakillarining mahalliy tikuvchilik va yengil sanoat assotsiatsiyalari, sellerlar hamda yuk tashuvchilar vakillari bilan uchrashuvini tashkil qildi. Uchrashuvda zarar ko‘rgan tovarlar uchun kompensatsiya to‘lash, logistika jarayonlarini tiklash va sotuvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Jabrlanganlarning murojaatlari bilan tezkor ishlash maqsadida kompaniya sohaviy assotsiatsiyalar bilan birgalikda muvofiqlashtirish shtabi tuzgan. Wildberries qisman kompensatsiya to‘lovlari boshlanganini ma’lum qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, to‘liq kompensatsiyalarni hisoblash mexanizmi va keyingi harakatlar tartibi zarar miqdorini baholash ishlari yakunlanganidan so‘ng belgilanadi.
O‘z navbatida, Qirg‘iziston Davlat soliq xizmati (DSX) tikuvchilik sohasidagi korxonalar uchun yagona soliq stavkasini (hozirda tushumning 0,25 foizi) va marketpleyslar orqali tovar sotadigan tadbirkorlar uchun soliq stavkasini (2 foiz) vaqtincha nolga tushirishni taklif qildi.
ℹ️ Rossiyadagi Wildberries logistika obyektlariga hujumlar 18 iyul kuni boshlangan. Dronlar hujumi Tambov, Moskva, Krasnodar, Leningrad, Tver, Samara, Vladimir, Volgograd, Tula va Sverdlovsk viloyatlari, Stavropol o‘lkasi, Udmurtiya, Qrim va Sankt-Peterburgdagi omborlar hamda saralash markazlariga zarar yetkazgan. Qator obyektlarda yirik yong‘inlar sodir bo‘lgan, ayrim omborlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Dronlar hujumi oqibatida kompaniyaning bir necha xodimi halok bo‘lgan, kamida 100 kishi jarohatlangan. Zarar ko‘rgan yoki butunlay yo‘q qilingan tovarlar tufayli sotuvchilarga yetkazilgan zarar yuzlab milliard rublga baholanmoqda.



