Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) mamlakatlari tashkilot doirasida tovarlarni elektron savdo qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Hujjat ushbu jarayon uchun yagona qoidalarni shakllantirishi va davlatlarning mazkur sohani tartibga solishga bo‘lgan yondashuvlarini birxillashtirishi kerak. Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishining asosiy yakunlari haqida 24.kg xabar berdi.
Onlayn savdo bo‘yicha kelishuv YEOIIga a’zo davlatlar Bosh vazirlari uchrashuvida imzolangan uchta asosiy hujjatdan biri bo‘ldi. Yana bir kelishuv ittifoqqa kiruvchi bir davlat brokerlari va dilerlariga boshqa a’zo mamlakatlar birjalaridagi savdolarda qatnashish imkonini beradi. Tomonlar bu jarayonda barcha ishtirokchilarga mahalliy brokerlar uchun yaratilgan sharoitlardan kam bo‘lmagan imkoniyatlar taqdim etilishi kerakligiga kelishdi. Shu bilan birga, savdolar, kliring va depozitariy xizmatlariga masofadan turib ulanish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Ushbu hujjatni YEOIIning yagona moliyaviy bozorini shakllantirish jarayonining bir qismi sifatida baholash mumkin.
Hukumat rahbarlari, shuningdek, olimlik unvonlari — professor, dots.nt, assotsiatsiyalangan professor va katta ilmiy xodim unvonlari haqidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi kelishuvni ham imzoladi. Endi bunday hujjatlar milliy qonunchilik me’yorlaridan qat’i nazar, ittifoqning istalgan davlatida ishga joylashish jarayonida amal qiladi. Bu olimlar va o‘qituvchilarni ishga qabul qilishni yengillashtiradi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, YEOIIda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Eron vakili SWIFT tizimiga muqobil bo‘ladigan mustaqil bank-moliya tizimini yaratish zarurligini ilgari surdi.
Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin hamkasblarini oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ittifoq don, parranda go‘shti, shakar, sut, o‘simlik yog‘lari va tuxumga bo‘lgan ichki ehtiyojlarni to‘liq qoplamoqda. Biroq, xorijiy yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish uchun bu ro‘yxatni kengaytirish zarur.
O‘z navbatida, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov ittifoq mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo o‘sishining tiklanishi bo‘yicha prognozlarni bildirdi. U o‘tgan yili tovar aylanmasi 3,5 foizga qisqarib, 95 milliard dollarni tashkil etganini eslatdi. Joriy yil yakuniga ko‘ra esa import-eksport operatsiyalari hajmi 7,3 foizga oshib, 102 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Siyosatchi sammitda imzolangan elektron tijorat qoidalarini birxillashtirish to‘g‘risidagi shartnoma ushbu sohaning rivojlanishiga yordam berishi va YEOII davlatlaridagi biznes imkoniyatlarini kengaytirishini ta’kidladi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab tovar yetkazib berishni yanada sinchiklab kuzatish mexanizmi ishga tushirilishi ma’lum qilindi. Birinchi bosqichda tizim maishiy muzlatgichlar va sovutgichlar, kir yuvish mashinalari hamda televizorlarga tatbiq etiladi. Keyinchalik nazorat qilinadigan tovarlar ro‘yxati kengaytiriladi. Mutaxassislar tushuntirishicha, yangi mexanizm biznesni halol bo‘lmagan raqobatdan qo‘shimcha himoya qiladi, shuningdek, xaridorlarga mahsulotlarning YEOII hududiga qonuniy olib kirilgani haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi yig‘ilishi 1–2 oktyabr kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirildi.
ℹ️ Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi 2015 yilda tashkil etilgan. Uning tarkibiga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi. Yana to‘rt davlat — O‘zbekiston, Moldova, Eron va Kuba — tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.



