Rossiyaning Wildberries marketpleysi omborlariga dronlar hujumlari O‘zbekiston eksporti hajmining kamayishiga olib keldi va respublika hukumatini savdo platformasi rahbariyati bilan alohida yig‘ilish o‘tkazishga majbur qildi. Bu haqda Spot.uz xabar berdi.
Masala 5 avgust kuni Hukumat komissiyasining Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ko‘tarilgan. Shovot tumanidagi ARTATEX to‘qimachilik kompaniyasi rahbari Nargiza Bekmuratova joriy yilda korxona xorijga mahsulot yetkazib berish hajmi qisqarganini ma’lum qildi.
Bekmuratovaning aytishicha, qariyb 300 nafar xodim ishlaydigan korxona odatda yiliga 3 million dollarlik mahsulot eksport qiladi. Asosiy eksport bozorlari Yevropa mamlakatlari va AQSH hisoblanadi. Biroq, bu yil eksport hajmi kamaygan.
«Sababi hammaga ma’lum: deyarli har kuni Wildberriesning qaysidir ombori yonib ketyapti», — degan tadbirkor.
Uning ta’kidlashicha, yuzaga kelgan vaziyat tufayli ARTATEX kompaniyasida debitorlik qarzdorligi yuzaga kelishi mumkin. Kompaniya 2018 yil iyul oyida 3,36 milliard so‘m (taxminan 280 ming dollar) ustav kapitali bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Nargiza Bekmuratova korxonaning 54,4 foiz ulushiga egalik qiladi va uning rahbari hisoblanadi.
Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mazkur muammoni Wildberries rahbariyati bilan muhokama qilganini ma’lum qildi. Marketpleys vakillari ishtirokida alohida yig‘ilish 7 avgust, juma kuniga belgilangan.
«Juma kuni Wildberries bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan alohida yig‘ilish o‘tkazamiz. Men ularning rahbariyati bilan gaplashdim — ular ham o‘z tomonidan ishtirok etadi. [...] Bu masala bo‘yicha tizimli yechim tayyorlaymiz», — dedi Xo‘jayev.
Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abror Mirzo Olimov hamda Vazirlar Mahkamasi vakili Doniyor G‘aniyevga eksportchilarning ehtimoliy debitorlik qarzdorligi masalasini o‘rganib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda Wildberries orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi hajmi 418 million dollarni tashkil etgan. Wildberriesning O‘zbekistondagi direktori Akmal Primqulovning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 1,4 milliard dollardan oshgan.
Wildberriesning Rossiyadagi logistika obyektlariga dronlar hujumlari 18 iyul kuni boshlangan. Tambov, Moskva, Krasnodar, Leningrad, Tver, Samara, Vladimir, Volgograd, Tula viloyatlari, Stavropol o‘lkasi, Udmurtiya, Qrim va Sankt-Peterburgdagi omborlar hamda saralash markazlari zarbaga uchragan. Qator obyektlarda yirik yong‘inlar yuz bergan, ayrim omborlar esa vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan. Hujumlar oqibatida kompaniyaning bir nechta xodimi halok bo‘lgan, kamida 100 kishi jabrlangan. Sotuvchilarga tegishli yuzlab milliard rubllik tovarlar to‘liq yonib ketgan yoki shikastlangan.
Avvalroq, iyun oyida Wildberries O‘zbekistonda Markaziy Osiyo logistika xabini tashkil etish va mamlakat infratuzilmasini rivojlantirishga 300 million dollardan ortiq investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi. Loyihani Wildberries & Russ (RVB) birlashgan kompaniyasi amalga oshiradi. Xab tarkibiga Toshkent viloyatida maydoni qariyb 170 ming kvadrat metr bo‘lgan saralash markazi va qurilayotgan ombor majmuasi, shuningdek kompaniya faoliyat yuritadigan boshqa mamlakatlardagi infratuzilma obyektlari kiradi. Logistika xabi Markaziy Osiyodan mahsulot eksport qilish uchun asosiy markazga aylanishi, «Rossiya–O‘zbekiston–Yaqin Sharq» yo‘nalishini bog‘lashi, shuningdek «Xitoy–O‘zbekiston–Afrika» yo‘lagi orqali tovarlarni Afrika bozorlariga tranzit qilishni ta’minlashi kutilmoqda.



