Belarusdan yo‘lga chiqqan ikkinchi «Slavyanskiy karavan» poyezdi Qirg‘iziston va Tojikistongacha yetib boradi

BTY matbuot markazi fotosurati

Belarus O‘zbekistonga ikkinchi «Slavyanskiy karavan» («Slavyan karvoni») to‘g‘ridan to‘g‘ri yuk poyezdini jo‘natdi. Bu safar poyezd Qirg‘iziston va Tojikistongacha yetib boradi. Bu haqda «Belarus temir yo‘llari» (BTY) kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

Ikkinchi poyezd 3 avgust kuni Orsha-Vostochnaya stansiyasidan yo‘lga chiqqan. U Rossiya va Qozog‘iston hududi orqali harakatlanib, O‘zbekistonga yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari hamda umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat yuklarini yetkazib beradi.

«Poyezd tarkibiga, shuningdek, O‘zbekiston orqali tranzit tarzida Qirg‘iziston va Tojikistonga yuborilayotgan eksport yuklari ham kiritilgan», — deyiladi BTY matbuot xizmati xabarida.

Mazkur poyezdning asosiy xususiyati shundaki, u Rossiya va Qozog‘iston hududi orqali tarkibi tarqatilmasdan va qo‘shimcha to‘xtashlarsiz harakatlanadi. Bu yuklarni yetkazib berish muddatini deyarli ikki baravarga qisqartiradi hamda yukning but saqlanishini ta’minlash bilan bog‘liq xavflarni kamaytiradi.

Birinchi poyezd 30 iyul kuni Belarusdan yo‘lga chiqqan bo‘lib, 5 avgust kuni ertalab Toshkentdagi Chukursoy stansiyasiga yetib keldi. Uni O‘zbekiston Transport vazirligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi va Belarus elchixonasi vakillari kutib oldi.

«Poyezd 6 sutkadan kam vaqt ichida Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib, qariyb 4 ming kilometr masofani bosib o‘tdi», — deya ta’kidlaydi «Belarus temir yo‘llari» kompaniyasi.

Birinchi «Slavyanskiy karavan» poyezdi O‘zbekistonga Belarus yog‘och mahsulotlari, oziq-ovqat va kimyoviy mahsulotlarni olib keldi. Qaytish reysida esa Belarusga qovun, quruq mevalar va to‘qimachilik mahsulotlari yuboriladi.