O‘zbekiston hukumati muhtojlarga qo‘shimcha ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Jumladan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan kimsalar uchun kasbga o‘qitish kurslari tashkil etiladi, shuningdek, odam savdosidan jabr ko‘rgan ayollar va bolalarni himoya qilish choralari kuchaytiriladi. Tegishli tashabbuslar mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Mulozimlarning ta’kidlashicha, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalasida yangi yondashuvlar ishlab chiqilgan. Hozir respublikada 726 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta reabilitatsiya markazi faoliyat yuritmoqda. Keltirilgan statistikaga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ushbu muassasalarga 1,1 ming nafar kishi joylashtirilgan.
Amaldagi reabilitatsiya muassasalari vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy tiklanish markazlariga aylantiriladi. Boshpanasiz shaxslar ushbu markazlarga o‘z murojaati asosida, “mahalla yettiligi”ning o‘rganish natijalariga ko‘ra yoki ijtimoiy xodim va profilaktika inspektori ko‘magida joylashtiriladi.
Ta’kidlanishicha, har bir muhtoj shaxs uchun alohida reja tayyorlanadi. Unda hujjatlarni tiklash, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish choralari ko‘zda tutiladi.
Reabilitatsiya markazlarida bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tashkil etiladi, bo‘sh xonalar esa xususiy tadbirkorlarga imtiyozli shartlar asosida ijaraga beriladi. Boshpanasizlar uchun vaucherlar tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bunday hujjatlar ularga kasb o‘rganish imkonini beradi, shu bilan birga ular ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari ro‘yxatiga kiritiladi va ular uchun ish o‘rinlari zaxira qilinadi.
Yig‘ilishda odam savdosidan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatish mexanizmlarini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab «Inson» markazlari orqali mahalla va tuman darajasida qiyin ahvolga tushgan shaxslarning holatini baholash tizimi joriy etiladi. Shundan so‘ng ular tegishli xizmatlarga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy markazlari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi va hududiy markazlari etib qayta nomlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan ushbu muassasalarda odam savdosidan jabr ko‘rgan ayollar hamda ularning voyaga yetmagan farzandlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerlarda ular uchun qo‘shimcha o‘rinlar tashkil etiladi.
Shu bilan birga, bola savdosi uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilash, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning mehnat va tashqi migratsiya xizmatlari bilan shug‘ullanish huquqini cheklash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni muntazam monitoring qilish taklif etildi.
Prezidentga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan fuqarolar uchun imtiyozli transportdan foydalanish tartibini soddalashtirish bo‘yicha tashabbuslar taqdim etildi. Bugungi kunda mazkur imtiyozlardan 48,4 ming nafar fuqaro foydalanish huquqiga ega bo‘lib, o‘tgan yili ular transport xizmatlaridan 1,7 million marta foydalangan.
Yangi tartibga ko‘ra, 11 toifaga kiruvchi fuqarolar uchun bepul yo‘l haqi yoki 50 foiz miqdorida chegirma ko‘zda tutiladi. Ushbu qoida shaharlararo qatnovlarga, jumladan samolyot va poyezdlardagi safarlarga ham tatbiq etiladi.
Yangi tartibga ko‘ra, 11 toifaga kiruvchi fuqarolar uchun bepul yo‘l haqi yoki 50 foizlik chegirma ko‘zda tutiladi. Ushbu qoida shaharlararo qatnovlarga, jumladan samolyot va poyezdlardagi safarlarga ham tatbiq etiladi. Chipta xarid qilish uchun faqat ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etish kifoya. Imtiyoz huquqi “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali tekshiriladi. 2027 yil 1 yanvardan imtiyozli avia, temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalarini “Baraka” ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali onlayn xarid qilish imkoniyati yaratiladi.



