Gonkong rahbari O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

ITSM matbuot xizmati fotosurati

Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao Li Szyachao boshchiligidagi Gonkong delegatsiyasi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar qildi.

Delegatsiya tarkibiga 30 dan ortiq kishi kirgan. Mehmonlarga Markazning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, asosiy ekspozitsiyalari hamda O‘zbekiston tarixi va mintaqaning madaniy merosiga bag‘ishlangan loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari hozirgi O‘zbekiston hududida mavjud qadimgi sivilizatsiyalar haqidagi materiallar, shuningdek, Movarounnahr olimlari va mutafakkirlarining ilm-fan, ta’lim va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiluvchi ekspozitsiyalar bilan tanishdilar.

Markaz ekspozitsiyalarida qo‘llanilayotgan raqamli qo‘lyozmalar, interaktiv texnologiyalar va multimedia yechimlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya vakillari bunday formatlar tarixiy manbalarni keng jamoatchilikka, jumladan yoshlarga ham, yanada tushunarli va qiziqarli tarzda taqdim etish imkonini berishini ta’kidladilar.

Tashrif davomida tomonlar madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tashrif yakunida Li Szyachao Markazning Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z dastxatini qoldirdi.

«Ushbu markaz nafaqat O‘zbekiston, balki islom sivilizatsiyasiga qo‘shilgan ulkan hissa — insoniyat merosining rivojlanish yo‘lini belgilab bergan bebaho merosdir. Bu katta yutuq bilan yana bir bor tabriklayman. Bu meros xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash va o‘zaro yaqin aloqalarni rivojlantirish jarayonida ham ilhom manbai bo‘lib, o‘z ta’sirini davom ettirsin», — deb yozdi Gonkong ma’muriyati rahbari.

Markazga tashrif Li Szyachaoning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida amalga oshirildi. Gonkong ma’muriyati rahbari Toshkentga Gonkong ishbilarmon doiralari va materik qismidagi Xitoy kompaniyalari vakillaridan iborat yirik delegatsiya tarkibida keldi.

Tashrif davomida tomonlar o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejim joriy etish bo‘yicha notalar almashdilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 460 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.