Qozog‘iston hukumati Firebird va NVIDIA kompaniyalari bilan sun’iy intellekt sohasida 10 milliard dollarlik kelishuv imzoladi. Bu haqda respublika hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Imzolash marosimida Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, NVIDIA vitse-prezidenti Rev Lebaredian hamda Firebird hammuassislari Razmik Ovakimyan va Aleksandr Yesayan ishtirok etgan.
Hujjatlar Ekibastuzda “Ma’lumotlar markazi vodiysi” loyihasini amalga oshirishni nazarda tutadi. U yerda Yevroosiyodagi eng yirik sun’iy intellekt hisoblash klasterlaridan biri barpo etilishi rejalashtirilgan. Rejaga ko‘ra, infratuzilma 100 minggacha zamonaviy NVIDIA GPU chiplarini o‘z ichiga oladi.
Bosh vazir Oljas Bektenov ta’kidlashicha, sun’iy intellekt va raqamli infratuzilmani rivojlantirish davlatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha xalqaro texnologik hamkorlarni jalb qilish va mamlakatni global raqamli infratuzilma joylashuvi markaziga aylantirishga xizmat qiladi.
Qozog‘iston Bosh vazir o‘rinbosari va Sun’iy intellekt hamda raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyevning aytishicha, 10 milliard dollarlik investitsiyalar yiliga kamida 3 milliard dollar eksport tushumini ta’minlashi, yangi ish o‘rinlari yaratishi va Qozog‘istonning Yevroosiyoda raqamli xab sifatidagi mavqeini mustahkamlashi mumkin.
Firebird kompaniyasi sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish, ma’lumot markazlarini qurish va yuqori unumdor hisoblash tizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Uning hamkorlari orasida NVIDIA ham bor — bu kompaniya sun’iy intellekt va hisoblash texnologiyalari sohasidagi dunyodagi yetakchilardan biri hisoblanadi. NVIDIA yechimlari yirik superkompyuterlar va ma’lumot markazlarida qo‘llaniladi hamda zamonaviy generativ SI modellarining asosini tashkil qiladi.
Ekibastuzda amalga oshirilayotgan “Ma’lumotlar markazli vodiysi” loyihasi Markaziy Osiyodagi eng yirik data-markazlar kampusini barpo etishni nazarda tutadi. Uning umumiy energetik quvvati 1 GVtgacha yetishi kutilmoqda. Loyihani qurish uchun umumiy maydoni 1,4 ming gektar yer uchastkalari ajratilgan.



