Qozog‘istonning eng yirik kabel operatori Rossiyaning «Birinchi» va boshqa kanallari translyatsiyasini to‘xtatdi

alma.plus sayti fotosurati

Qozog‘istonning yeng yirik kabel operatori Alma.plus Rossiyaning «Birinchi» va boshqa bir qator kanallari translyatsiyasini to‘xtatdi.

Operator saytida xabar berilishicha, 28 fevral holatiga ko‘ra, «mualliflik huquqi egasining vaqtinchalik ruxsatnomasi muddati tugashi munosabati bilan» «Birinchi kanalning raqamli teleoilasi» paketiga kiritilgan kanallar ko‘rsatuvlari to‘xtatildi. Operator o‘chirilgan kanallar o‘rniga «muqobil kanallar ro‘yxatini tayyorlaganini» ma'lum qildi. Alma.plus tomonidan chop etilgan infografikada chap tomonda translyatsiya jadvalida endi yo‘q kanallar, o‘ng tomonda esa ularni almashtiradigan kanallar ko‘rsatilgan.

«Raqamli teleoila» — bu «Birinchi» kanal tomonidan 2005 yili ishga tushirilgan tematik kanallar paketidir.

2025 yil dekabr oyida Alma.plus o‘zining translyatsiya jadvaliga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlarni e'lon qilgandi va mualliflik huquqi egasi bilan «o‘zaro foydali va ikkala tomon uchun ham maqbul bo‘lgan» keyingi hamkorlik shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ta'kidlagandi. Yanvar oyida kompaniya 28 fevralgacha vaqtinchalik efirga uzatish to‘g‘risida kelishuvga erishganini ma'lum qildi. «Bu mualliflik huquqi egasining muloqotga qaytishi tufayli mumkin bo‘ldi», — dedi Alma.plus vakillari.

ORDA.kz nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Birinchi kanal, NTV va boshqa kanallar ham boshqa Qozog‘iston operatorlarining efirga uzatish jadvalidan yo‘qolgan. Ularning o‘rniga faqat alohida obuna to‘lovi evaziga ko‘rish mumkin bo‘lgan kanallar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yili «Beeline Kazaxstan» telekommunikatsiya kompaniyasi «tomoshabinlar xohish-istaklaridagi o‘zgarishlar» sababli bir qator Rossiya kanallarini (shu jumladan «Birinchi» kanalni) efirga uzatishni to‘xtatish niyatini ma'lum qilgandi. Bir oy o‘tgach, kompaniya ushbu qarorini bekor qildi.