2026 yil 1 iyuldan boshlab Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola oylik «Bala ыrыsы» (Bolalar baxti) davlat nafaqasini oladi. Farmon Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tomonidan imzolandi.
Nafaqa miqdori 1200 som (13,70 dollar) ni tashkil qiladi va u oila daromadidan qat'i nazar to‘lanadi.
Japarov nafaqani joriy etish to‘g‘risidagi qaror ko‘plab fuqarolarning murojaatlariga javoban qabul qilinganini va bola rivojlanishining muhim davrida oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini ta'kidladi.
«Insonning eng muhim jismoniy va aqliy qobiliyatlari hayotining dastlabki yillarida shakllanadi va u insonning butun umri davomida birga qoladi. Shuning uchun, bugungi farmon bilan men Vazirlar Mahkamasiga yangi «Bala ыrыsы» nafaqasini joriy etishni ishlab chiqishni topshirdim. Biz bilamizki, har bir bola o‘z ыrыsы — o‘z baxti va risqi bilan tug‘iladi», — deb tushuntirdi Qirg‘iziston prezidenti.
Milliy statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda uch yoshgacha bo‘lgan taxminan 445 ming bola bor. Shuning uchun davlat «Bala ыrыsы» to‘lovi uchun oyiga 530 million somdan (taxminan 6 million dollar) ortiq mablag‘ ajratadi.
Joriy yilning yanvar oyida Qirg‘iziston parlamenti a'zolari 12 yoshgacha bo‘lgan bolalari bo‘lgan barcha oilalarga, bordiyu oila muhtoj deb topilsa, 16 yoshgacha bo‘lgan bolalariga nafaqa to‘lashni taklif qildilar.



