Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbariyati Eronga oyatulloh Xomanaiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

LIVEHINDUSTAN.COM SAYTI FOTOSURATI

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati rahbarlari Eron prezidenti Masud Pezeshkianga Islom Respublikasi Oliy Rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdilar.

Birinchi bo‘lib Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon munosabat bildirdi. Uning Pezeshkianga yo‘llagan telegrammasi 1 mart kuni Dushanbedagi Eron elchixonasi tomonidan e'lon qilindi va 2 mart kuni Tojikiston rahbarining saytida joylashtirildi. Xabarda «marhum oyatulloh Said Ali Xomanaiyning tojik-eron munosabatlarini har tomonlama va konstruktiv rivojlantirishga, shuningdek, qadimiy sivilizatsiyaga mansub ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi» ta'kidlangan.

«Ushbu fojiali kunlarda, Tojikiston xalqining qayg‘usi va hamdardligini birodar Eron xalqiga ifodalab, men Allohdan barcha qurbonlarga abadiy shafqat va ularning oilalari, yaqinlariga bu og‘ir musibat oldida sabr-toqat so‘rayman», — deyiladi Rahmon telegrammasida.

Eronning Toshkentdagi yelchixonasi 2 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan telegrammani e'lon qildi. Xabarda «Islom inqilobi rahbari Oyatulloh-ul-uzmo Sayyid Ali Xomanaiyning shahodati munosabati bilan hamdardlik bildirgani» ta'kidlangan.

«U zot o‘zining ko‘p yillik samarali faoliyati davomida Eron davlatchiligini mustahkamlash, jamiyat barqarorligi va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lida katta xizmatlar qildi», — deyiladi maktubda.

Ushbu xabar O‘zbekiston prezidentining veb-saytlarida hozircha chop etilmagan.

Qozog‘istonda Tashqi ishlar vazirligi hamdardlik bildirdi.

«So‘nggi fojiali voqealar natijasida tinch aholi, jumladan, bolalar, shuningdek, Islom Respublikasi oliy rahbariyati a'zolari halok bo‘lgani munosabati bilan Eron xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz», — deyiladi bayonotda.

Tashqi ishlar vazirligi shuningdek, «Qozog‘iston doimiy ravishda do‘stona va keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib kelayotgan, Eronga qarshi urushda qatnashmagan arab davlatlaridagi tinch aholiga [Eron tomonidan] berilgan zarbalardan afsusda ekanini» bildirgan. Vazirlik barcha mojarolarni faqat siyosiy va diplomatik vositalar bilan hal qilishga va mintaqada zo‘ravonlik yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.

Turkmaniston nomidan uning milliy yetakchisi, Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ta'ziya bildirgan. O‘z bayonotida amaldagi prezidentning otasi Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirgan va «marhumning ruhi jannatdan makon topishini» tilagan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Ali Xomanaiy vafotiga munosabati noma'lumligicha qolmoqda.

Shu bilan birga, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Eron hukumati va xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

«ShHTga a'zo davlatlar kuch ishlatishni nomaqbul deb hisoblaydi va mavjud nizolarni faqat xalqaro huquq va BMT Nizomi tamoyillariga muvofiq muloqot, o‘zaro hurmat va barcha tomonlarning qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini bildiradi», — deyiladi bayonotda.

Unda Eronning suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta'minlash zarurligi ta'kidlangan. ShHT mojaroning barcha tomonlarini o‘zini tutishga va vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, ShHTga o‘nta davlat a'zo: Belarusь, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston. Ushbu davlatlardan uchtasi — Qozog‘iston, Pokiston va O‘zbekiston – 2026 yil yanvar oyida AQSh prezidenti Donalьd Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik Kengashining a'zolaridir.

ℹ️ 28 fevral kuni Isroil va Qo‘shma Shtatlar Eron poytaxtiga hujum qilishdi. Bunga javoban Tehron Yaqin Sharq va Isroildagi AQSh bazalariga raketalar otdi. Yuzlab odamlar, shuningdek, oyatulloh Xomanaiy boshchiligidagi Islom Respublikasining oliy rahbariyati halok bo‘ldi. Mintaqadagi keskinlashuv fonida butun dunyo hukumatlari u yerdan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda.