Eronni tark etgan o‘zbek futbolchilari o‘z yurtida ishga joylashishi mumkin

Oston Urunov. uza.uz sayti fotosurati

Eron klublarini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar transfer oynasidan tashqarida O‘zbekiston jamoalariga qo‘shilishlari mumkin. Bu haqda O‘zPFL direktori Diyor Imomxo‘jayev ma'lum qildi, deb xabar beradi Championat.Asia nashri.

Imomxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Liga ro‘yxatga olishga tayyor, ammo ko‘p narsa FIFA qaroriga bog‘liq bo‘ladi.

«Agar FIFA xuddi Rossiya va Ukrainadagi kabi futbolchilarga Eron klubini bir tomonlama tark etish huquqini bersa va O‘zbekistonga boshqa associatsiya klubidan keladigan futbolchini transfer oynasidan tashqari olishga ruxsat bersa, biz o‘zimizning o‘yinchilar uchun ro‘yxatdan o‘tishni ochishga tayyormiz. Bizda mavsum endigina boshlandi va bu narsa hech qanday sport yaxlitligiga tasir qilmaydi. Barchasi O‘zbekiston terma jamoasining manfaati yo‘lida bo‘ladi», — dedi Imomxo‘jayev.

Hozirda Eron klublari ro‘yxatida beshta o‘zbek, ikkita tojik va bitta qirg‘iz futbolchisi bor.

Championat.Asia. nashrining xabar berishicha, beshta o‘zbek futbolchisining barchasi Erondan tashqarida bo‘lishi mumkin. Uzoq vaqtdan beri jarohat olgan Jaloliddin Masharipov operatsiya qilingan va Italiyada tiklanmoqda. Odil Hamrobekov Toshkentga qaytgan, Rustam Ashurmatov Dubayga ketgan va Oston Urunov Turkiyada. Igor Sergeyev ham chegaraga yo‘l olgan va ehtimol uni kesib o‘tgan bo‘lishi ham mumkin.

Qirg‘izistonlik Joel Kojo jarohat olgan va Bishkekda. «Farg‘ona» nashri malumotiga ko‘ra, tojikistonlik Vahdat Xonov va Amadoni Kamolov hozirda Ozarbayjonda.

Eurasia Football nashrining xabar berishicha, aksariyat legionerlar foydali shartnomalar tufayli Eronda o‘ynashda davom etishgan. Eng so‘nggi misol — hujumchi Igor Sergeyevning Tehronning «Persepolis» klubiga o‘tishi bo‘ldi. U shu yilning yanvarь oyida eronliklar taklif qilgan taxminan 50 000 yevro maosh evaziga Rossiyaning «Krыlьya Sovetov» jamoasiga qo‘shilishni rad etgandi. Eron klublari bilan ishlaydigan agent Kova Tilavurning tushuntirishicha, xorijiy futbolchilar AQSh va Isroil «stadionlarni bombardimon qilmasligiga va futbolchilar asosan shaharlardan tashqarida yashashlariga» amin bo‘lishgan.

ℹ️ Isroil va AQShning Eronga qo‘shma hujumi 28 fevral kuni ertalab boshlandi va so‘nggi yillarda ikki tomon o‘rtasida eng katta to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy eskalatsiyaga aylandi. Isroil «oldindan ogohlantiruvchi zarba» berilganini e'lon qildi va Vashington keyinchalik o‘z ishtirokini tasdiqladi va operatsiyaning maqsadi Eronning yadroviy va raketa dasturlari keltirib chiqaradigan tahdidlarni bartaraf etish ekani aytildi. Bunga javoban Islom Respublikasi Isroil va AQSh harbiy bazalari joylashgan Yaqin Sharq mamlakatlariga qarshi hujumlar uyushtirdi. To‘qnashuvlarda bir necha yuz kishi, jumladan, Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi.