Ozarbayjon Energetika vaziri Parviz Shahbazov va BAA Energetika va infratuzilma vaziri Suhail Al Mazrui o‘z delegatsiyalari bilan birgalikda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlarning Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ularning yangi energiya quvvatlari va infratuzilma inshootlarining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etganlari, shuningdek, Toshkentda yangi loyihalarning ishga tushirilishi va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvidan so‘ng bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlar Markaz faoliyati, muzey eksponatlari, noyob qo‘lyozmalar va artefaktlar hamda u yerda qo‘llaniladigan zamonaviy muzey texnologiyalari bilan tanishdilar.
«Bu binoga nazar tashlaganimdanoq, uning haqiqatan ham mo‘jiza ekanini his qildim. Juda go‘zal, juda boy inshoot. Bu faqat O‘zbekiston tarixiga emas, balki bizning umumiy tariximizga tegishli. Chunki xalqlarimiz qardosh, ildizlarimiz bir, tilimiz va dinimiz mushtarak. Shu bois bu yerdagi har bir eksponat, har bir artefakt o‘zimizga ham yaqin. Eng muhimi, ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu markaz orqali O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda barcha turkiy xalqlarning qadimiy va boy madaniyatini muvaffaqiyatli namoyish etyapsiz», — dedi Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov.
Mehmon shuningdek, Markaz tadqiqotlari, xalqaro hamkorlik dasturlari va turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
«Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifingiz biz uchun katta sharaf. Markaz barcha turkiy xalqlarning mushtarak merosini bir maskanda jamlab, uni jahonga yetkazishni maqsad qilgan. Ekspozitsiyamizni yuqori baholaganingiz va samimiy mulohazalaringiz uchun minnatdorchilik bildiramiz», — dedi o‘z navbatida Firdavs Abduxoliqov.
Vazir Suhail Al Mazrui Islom sivilizatsiyasi markazini «bebaho ijodiy ish» va «o‘z tarixini qadrlaydigan mamlakat ko‘zgusi» deb atadi.
«O‘zbekistonning buyuk sivilizatsiyasi va ushbu Markazda jamlangan ilmiy merosi har qanday odamni o‘ziga jalb qiladi. Unda nafaqat islom davriga, balki avvalgi madaniy qatlamlarga ham katta e’tibor qaratilgan. Markaz o‘zbek olimlarining fanning turli sohalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur va yorqin namoyish etadi. Ushbu bebaho ijodiy tashabbus uchun men Prezident va O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmatimni bildiraman. Ushbu Markaz o‘z tarixini yuksak qadrlaydigan va uni kelajak avlodlarga munosib ravishda yetkazishga intilayotgan mamlakatning ko‘zgusidir», — dedi al-Mazrui.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



