Denis Manturov O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazidan hayratlandi

Denis Manturov. ITSM matbuot xizmati fotosurati

Rossiya Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Markaz matbuot xizmati.

Delegatsiya a’zolari Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans ekspozitsiyalari, shuningdek «Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans» bo‘limi bilan tanishib, har bir bo‘limdagi ilmiy izchillik va texnologik yechimlarni yuqori baholadilar.

Tashrif davomida delegatsiya markazning yoshlarni ilmiy izlanishga jalb qiluvchi ta’limiy loyihalari, raqamli arxivlar va interaktiv platformalarning xalqaro darajadagi ishlanganiga alohida e’tibor qaratdi.

Denis Manturovning markaz konsepsiyasi, zamonaviy ko‘rgazmalar va tarixiy merosni taqdim etishning ilmiy jihatdan tuzilgan usullari haqidagi taassurotlarini qayd etdi.

«Bunday markazga tashrif buyurgach, inson o‘zi bilan bir bo‘lak tarixni olib ketadi. Bu shunchaki eslab qoladigan sahifalar emas — qalbda yashaydigan tuyg‘ular. Bunday markazni yaratish — yangi tarix yaratishdir», — dedi delegatsiya a’zosi Aleksandr Semyonov.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.