Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov o‘z muallifligida nashr etilgan yangi kitobni taqdim etdi. Davlat rahbari 6 dekabr kuni Turkmaniston doimiy betarafligining 30 yilligi sharafiga bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida kitob yakunlanganini ma’lum qildi.
Kitob «Türkmenistanyň Bitaraplygy — parahatçylygyň we ynanyşmagyň aýdyň ýoly» («Turkmanistonning betarafligi – tinchlik va ishonchning oydir yo‘lidir») deb nomlanadi. Unda doimiy betaraflikning ahamiyati ta’kidlangan, «umumiy tinchlik va ishonchni ta’minlashga qaratilgan tarixiy tashabbuslar keng yoritilgan» va «mamlakatning yuksak yutuqlari va muvaffaqiyatlari aks ettirilgan».
«Kitob xalqqa sovg‘a bo‘ladi», — dedi Berdimuhamedov.
«Turkmanistonning betarafligi – tinchlik va ishonchning oydir yo‘lidir» — respublikaning amaldagi prezidenti tomonidan yozilgan to‘rtinchi kitobdir.
Birinchi kitob, «Ýaşlar – Watanyň daýanjy» («Yoshlar – mamlakat tayanchi») 2023 yil dekabr oyida nashr etilgan va yosh turkman fuqarolarining yutuqlari va muvaffaqiyatlariga bag‘ishlangan.
2024 yil mart oyida Berdimuhamedovning ikkinchi kitobi, «Änew – müňýyllyklardan gözbaş alýan medeniýet» («Anau – ming yilliklar tubidan qalqigan madaniyat») nashr etildi. Unda o‘sha yili turk dunyosining madaniy poytaxti deb e’lon qilingan Anau shahri haqida hikoya qilinadi.
Prezidentning uchinchi kitobi «Magtymguly – dünýäniň akyldary» » («Maxtumquli – dunyo donishmandi») 2024 yil dekabr oyi oxirida nashr etildi. U klassik turkman adabiyoti namoyandasi Maxtumquli Firog‘iyga (1724–1807) bag‘ishlangan.
ℹ️ Kitob nashr etish Turkmaniston prezidentlari uchun an’anaviy amaliyot. Ulardan birinchisi, 1985 yildan 2006 yilgacha mamlakatni boshqargan Saparmurat Niyozov (Turkmanboshi) ikki jildli «Ruhnoma» asarini yozgan va uni «turkman xalqining ma’naviy konstitutsiyasi» sifatida taqdim etgan. U yillar davomida asosan vatanparvarlik va lirik mavzularga bag‘ishlangan beshta she’riy to‘plam nashr etdi.
Turkmanistonning ikkinchi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2007 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrida o‘z nomi bilan 60 dan ortiq kitob nashr etishga muvaffaq bo‘ldi. Ular sog‘liqni saqlash, Axalteke otlari, Alabay itlari, dorivor o‘simliklar, siyosat, energetika, Turkmaniston madaniyati, mustaqillik va boshqa ko‘plab mavzularni qamrab oladi.



