Qirg‘iziston prezidenti merlarni elektrni tejash bo‘yicha o‘tkazgan qattiq reydlari uchun tanqid qildi

O‘sh meri Jenishbek Toktorbayev shaxsan reylarda ishtirok etdi. super.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov merlarni elektr energiyasini tejash va jamoat tartibini saqlashga qaratilgan tungi reydlar paytida haddan tashqari qattiqqo‘llik qilganliklari uchun tanqid qildi. Davlat rahbari bu haqda o‘zining Facebookdagi (RFda ekstremistik deb tan olingan va taqiqlangan Meta korporatsiyasiga tegishli tarmoq) sahifasida yozgan.

Prezident shahar ma’muriyati rahbarlariga, xususan, Bishkek va O‘sh merlariga murojaat qildi. U «energiyani tejash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar orqali aniq maqsad qo‘yilganini: tinchlik haqiqatan ham buzilayotgan joylarda — odamlar spirtli ichimliklar ichadigan tungi klublarda, shuningdek, 200 dan 800 gacha odam yig‘ilib, tungacha bayram davom etadigan ziyofat zallarida tartibni saqlash lozim»ligini eslatib o‘tdi.

Biroq, Japarovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatmalar bajarilishi paytida «nazoratchilar haddan tashqari qattiqqo‘llik qilgani» ayon bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, reydlar davomida «hatto ovqatlanish joylari (shu jumladan KFC kabi tez ovqatlanish tarmoqlari) ham yopilgan; kafelarda jimgina o‘tirgan odamlar haydab chiqarilgan, tadbirkorlarga qo‘pol munosabatda bo‘lishgan va asossiz ularni elektr energiyasi va suv ta’minotidan uzishgan.

Japarov «bunday haddan tashqari holatlarga» chek qo‘yishni talab qilib, energiya tejamkorligini davlat obyektlari va muassasalaridan boshlash kerakligini ta’kidlagan. Zero, bu joylarda «davlatning o‘zi to‘laydi» qabilida yoritgich uskunalari kuchayu kunduz uchirilmaydi. «Jimgina va qonunbuzarliklarsiz ishlayotgan tashkilotlarga bormang va ularning faoliyatiga xalaqit bermang!» — deb talab qildi prezident.

Avvalroq, Bishkek meri Aybek Junusaliyev yangi cheklovlar haqida izoh berarkan, choralar ko‘p elektr energiyasi iste’mol qiladigan yirik tadbirlarni o‘tkazadigan muassasalarga nisbatan qo‘llanilishini aytgan edi. «Tez ovqatlanish shoxobchalari va do‘konlari bundan mustasno. Bu ko‘ngilochar joylar — kafelar, restoranlar, banket zallari va klublarga tegishli. Barcha tadbirlar soat 22:00 gacha tugashi kerak», — deb aniqlik kiritgandi shahar hokimi va aholini soat 22:00 dan keyin barcha yuqori quvvatli elektr jihozlarini o‘chirishga chaqirgandi.

Bir kun oldin Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Kamchibek Tashiyev jimlik to‘g‘risidagi qonunga va soat 22:00 dan keyin muassasalar faoliyatini cheklovchi hukumat qaroriga qat’iy rioya qilishni talab qilgandi. O‘sha kuni kechqurun Bishkek va O‘sh shaharlari meriyasi reydlar o‘tkazgan, bu paytda ko‘plab ovqatlanish muassasalari va ko‘ngilochar maskanlar soat 22:00 dan so‘ng darhol yopilgan. (Quyidagi videoda O‘sh meri Jenishbek Toktorbayev ishtirokidagi reyd ko‘rsatilgan.)

Ushbu voqealar fonida mehmonxona va restoran sohasidagi bizneslarni birlashtirgan «Xoreka Klub» assotsiatsiyasi Tashiyevga ochiq xat bilan murojaat qilgan. Murojaatda assotsiatsiya elektr uzilishlari va ish vaqti cheklovlarining oqibatlaridan xavotir bildirgan.

Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, sohada 16 772 ta korxona faoliyat yuritadi, ular 500 000 gacha odamni, asosan yoshlarni ish bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, HoReCa korxonasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy xaridorlari bo‘lib qolmoqda va ularning faoliyatining qisqarishi qishloq xo‘jaligi sektoriga ta’sir qilishi mumkin. Biznes vakillari jimlik qonunlariga rioya qilishlarini va ovoz izolyatsiyasiga sarmoya kiritishlarini aytishdi, ammo tekshiruvlar paytida «ko‘pincha obyektiv shovqin darajasi o‘lchalmasdan jarimalar qo‘llanilmoqda».

Assotsiatsiya tungi elektrni uzish amaliyoti ommaviy ishdan bo‘shashlar, kreditlar to‘lanmasligi, soliq tushumlarining kamayishi va bizneslar yopilishi holatlariga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Xatda «tungi elektr uzilishlarini joriy qilmaslik», «shovqinni obyektiv o‘lchash uchun yagona mexanizm yaratish», «kredit ta’tillari va soliq imtiyozlarini ko‘rib chiqish» va iqtisodiyotga zarar yetkazilishining oldini olishga qaratilgan yechimlarni muhokama qilish uchun «Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi va biznes vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etish» talab qilinadi.