Boshqirdiston rahbari Xabirov O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

Radiy Xabirov ITSMda. Markaz matbuot xizmati fotosurati

Boshqirdiston delegatsiyasi respublika rahbari Radiy Xabirov boshchiligida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, deb xabar beradi ITSM matbuot xizmati.

Delegatsiyaga markaz bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi. Mehmonlar muzeyning «Islomgacha bo‘lgan davr», «Birinchi Renessans, «Ikkinchi Renessans», «Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori», «Qur’oni Karim zali» bo‘limlaridagi nodir arxeologik topilmalar, raqamlashtirilgan qo‘lyozmalar, sun’iy intellekt asosida yaratilgan ko‘rgazmalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.

Xabirov ITSM direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ilmiy va madaniy hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolashga kelishib olganini aytdi.

«Markaz ochilgach, biz amaliy hamkorlikni boshlaymiz. Boshqirdistondan muzey mutaxassislarini yuboramiz, tajriba almashamiz — chunki har qanday katta muzey avvalo ilmiy markazdir», — deya xulosa qildi respublika rahbari.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.