Xitoy rasmiylari Tojikiston hukumatini Xitoy fuqarolari va korxonalarini himoya qilish choralarini ko‘rishga chaqirdi va vatandoshlarini Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarni zudlik bilan tark etishga chaqirdi.
30 noyabr kuni kechqurun Xitoyning Tojikistondagi elchisi Go Chjitszyun Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Kamalzoda bilan telefon orqali favqulodda muzokaralar olib bordi.
Tomonlar bir nechta Xitoy fuqarolari halok bo‘lgan Tojikiston-Xitoy chegarasidagi voqealarni va chegara hududidagi Xitoy biznesi va xodimlariga bo‘layotgan tahdidlarni muhokama qilishdi. Go Chjitszyun Tojikiston tomonini Xitoy fuqarolarini himoya qilish uchun barcha zarur resurslarni safarbar qilishga chaqirdi. Bunga javoban Dushanbe hujumlarni qattiq qoraladi, Xitoy iltimoslariga katta ahamiyat berishini bildirdi va xavfsizlik choralarini darhol kuchaytirishiga ishontirdi.
Global Times xabar berishicha, 1 dekabr kuni Tojikistondagi Xitoy elchixonasi o‘zining WeChat akkauntida Xitoy kompaniyalarini tojik-afg‘on chegara hududlaridan xodimlarini zudlik bilan evakuatsiya qilishga doir chaqiriqni joylashtirdi. Ushbu hududda oltin qazib olish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tojikistondagi boshqa Xitoy fuqarolariga hududdagi xavfsizlik holatini diqqat bilan kuzatib borish, chegara zonalariga bormaslik va ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Favqulodda vaziyat yuzaga kelganda, ularga darhol Tojikiston huquqni muhofaza qilish organlari va Xitoy elchixonasi bilan bog‘lanish buyurildi.
Bunga so‘nggi yetti kun ichida Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida sodir bo‘lgan ikkita voqea turtki bo‘ldi. 26 noyabr kuni Afg‘oniston tomonidan uchib kelgan dron hujumi natijasida «Shoxin SM» tog‘-kon kompaniyasida ishlaydigan uch xitoylik ishchi halok bo‘ldi va yana biri yaralandi. 30 noyabr kuni kechqurun chegara yaqinida yo‘l qurilishi loyihasida ishlayotgan ikki xitoylik fuqaro Afg‘oniston hududidan olib borilgan otishma natijasida halok bo‘ldi va yana ikki kishi yaralandi. Tojikiston chegarachilarining so‘zlariga ko‘ra, bu safar China Road and Bridge Corporation yo‘l qurilishi kompaniyasi xodimlari hujumga uchragan.
Xavfsizlik kuchlari bu voqealar haqida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonga xabar berishdi. Davlat rahbari «Afg‘oniston fuqarolarining noqonuniy va provokatsion harakatlarini qattiq qoraladi» va tegishli organlarga vaziyatni hal qilish uchun samarali choralar ko‘rishni buyurdi.
Afg‘onistonni boshqarayotgan toliblar* bu hujumlarning birinchisiga munosabat bildirishdi. Ular xitoylik ishchilar o‘ldirilganini qoralab, hujumchilarni mintaqani beqarorlashtirishga intilayotgan provokatorlar uyushtirmoqda deya ta’kidlashdi. Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi hamdardlik is'hor qilib, voqeani tekshirishda Dushanbe va Pekin bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.



