O‘zbekistonlik shaxmatchi tarixda eng yosh Jahon kubogi g‘olibiga aylandi

Javohir Sindarov. FIDЕ fotosurati

19 yoshli o‘zbek shaxmatchisi Javohir Sindarov tarixda eng yosh Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.

FIDE jahon reytingida 22-o‘rinni egallagan yosh grossmeyster 26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi finalida 9-o‘rinni egallagan xitoylik shaxmatchi Vey Ini mag‘lub etdi. Dastlabki ikkita klassik o‘yin, birinchi tezkor o‘yin kabi, durang bilan yakunlandi. Ikkinchi o‘yinda Sindarov raqibini qora figuralar bilan mag‘lub etdi. Javohir o‘yindan so‘ng darhol turnir zalini tark etdi.

Turnirda g‘alaba qozongani uchun o‘zbekistonlik shaxmatchi 120 000 dollar mukofot puli oladi. U 2026 yilgi nomzodlar turniriga yo‘llanma olgan O‘zbekistonning birinchi vakili bo‘ldi.

Javohir Sindarov dunyodagi eng yosh grossmeysterlardan biri hisoblanadi. U O‘zbekiston terma jamoasi bilan 2022 yilgi Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib chiqqan. 2024 yili u O‘zbekiston jamoasi bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi, bu yana bir ajoyib natija hisoblanadi.

Keyingi Olimpiada 2026 yili Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Ma’lumki, O‘zbekiston hukumati nufuzli musobaqani tashkil etish uchun 4 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.

ℹ️ Jahon kubogi FIDE shafeligida har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan eng yirik shaxmat turniridir. 2025 yili turnir Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tdi. Musobaqada 206 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Avvalgi Jahon kubogi g‘olibi norvegiyalik Magnus Karlsen edi, ammo u bu safar turnirda qatnashmadi.