O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Turkiya prezidenti apparati qoshidagi Qo‘lyozmalar boshqarmasi Turkiya kutubxonalarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid qo‘lyozmalarni o‘rganishga kelishib oldilar, deb xabar beradi ITSM matbuot xizmati.
ITSM direktori Firdavs Abduxoliqov va Qo‘lyozmalar boshqarmasi boshlig‘i Jo‘shqun Yilmaz ITSMning «100 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi» va «O‘zbekistonga oid 100 ta noyob qo‘lyozma» loyihalarini amalga oshirishni muhokama qilishdi. Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan 800 mingdan ortiq qo‘lyozmalar orasida O‘zbekiston madaniy merosiga oid qo‘lyozmalar muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi. Tomonlar ushbu hujjatlarni birgalikda o‘rganish, faksimile nashrlarini tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib borishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tobora yuksalib borayotgani va bu jarayonda ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlar katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
«O‘zbek va turk xalqlarining tarixi va madaniy merosi mushtarak. Qo‘lyozmalar bo‘limida saqlanayotgan ko‘plab matnlar ikki xalqning umumiy boyligi hisoblanadi. Shuning uchun biz ushbu boylikni o‘rganish va qo‘lyozmalar bo‘yicha birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun kuchlarimizni birlashtirishimiz lozim», — dedi Yilmaz.
Uchrashuv so‘nggida Yilmaz ITSMga Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarining faksimile nusxasini taqdim etdi, uning asliyati XI asrda yaratilgan bo‘lib, Turkiya Milliy kutubxonasida saqlanadi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurilmoqda. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilmoqda. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda 460 o‘rinli anjumanlar zali ham qurib bitkazildi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



