Xitoy kompaniyalari Qozog‘istonda bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, ular Ostona, Olmaota va Chimkentda chiqindi yoqish zavodlarini, shuningdek, Kaspiy dengizi sohilidagi Aktauda port qurishni rejalashtirmoqda.
«Vlast» nashrining Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri vazifasini bajaruvchi Jomart Aliyevga tayanib xabar berishicha, ikki yil ichida uchta shaharda chiqindilarni utilizatsiya qilish inshootlari quriladi. Mulozim xitoylik investorlar bilan kelishuv imzolanganini ta’kidladi. Hujjatga ko‘ra, loyihaga umumiy moliyaviy investitsiyalar 293 milliard tenge (565 million dollardan ortiq) ni tashkil etadi.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, loyihalash, yer ajratish va kommunikatsiya ishlarini hisobga olgan holda, chiqindilarni yoqish zavodlari qurilishi 2026 yilda boshlanadi va 2028 yilda yakunlanadi.
Aniqlik kiritilishicha, 2030 yilgacha amal qiladigan barcha turdagi chiqindilarni boshqarish konsepsiyasi zamonaviy poligonlarni tashkil etishni o‘z ichiga oladi. Moliyalashtirish utilizatsiya to‘lovlari orqali amalga oshiriladi.
Aliyev mazkur sohada ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, davlatga qarashli «Jasil damu» (integratsiyalashgan chiqindilarni boshqarish tizimini nazorat qiluvchi) kompaniyasiga to‘lanadigan qayta ishlash to‘lovlari hisobidan moliyalashtiriladigan imtiyozli moliyalashtirish mexanizmi doirasida 60 ta loyiha tasdiqlangan, ulardan 22 tasi allaqachon taxminan 90 milliard tenge (173,5 million dollar) olgan. Barcha tashabbuslarni amalga oshirish uchun jami 185 milliard tenge (taxminan 357 million dollar) ajratilishi kutilmoqda. Ushbu loyihalar axlat tashish mashinalarini sotib olish va chiqindilarni saralash va qayta ishlash jarayonlarini yo‘lga qo‘yishni o‘z ichiga oladi.
Orda.kz Mang‘istov viloyatining Aktau shahrida dengiz porti qurilishi loyihasining amalga oshirilishi haqida viloyat rahbari Nurdaulet Kilibayga tayanib xabar beradi. Xitoyning «Chjon’yun Interneshnl» kompaniyasi investor sifatida ishtirok etadi.
Xitoylik ishbilarmonlar allaqachon Qozog‘istonda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazishgan va investitsiya shartnomasi uchun hujjatlarni tayyorlashmoqda. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, loyiha taxminan 300 million dollarga tushadi.
Yangi port Xitoy-Qozog‘iston-Aktau-Boku-Poti-Yevropa yo‘nalishining bir qismiga aylanishi rejalashtirilgan. Bu yuklarni yetkazib berish vaqtini va natijada logistika xarajatlarini kamaytiradi.
Shuningdek, rasmiylar tovarlarni dengiz orqali tashish temir yo‘l tirbandligini sezilarli darajada kamaytiradi, deb hisoblaydi. Bu Markaziy Osiyo respublikasida, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ko‘payadigan kuzda muammo hisoblanadi. Masalan, oktyabr oyida Xitoyda portlarning tirbandligi va yuklarni tushirishning sekinligi sababli «Qozog‘iston temir yo‘llari» don tashishga taqiq qo‘ydi, natijada eksport jarayoni bir yerda to‘xtab qoldi.



