Sobiq prezident Almazbek Atambayevning o‘g‘li va bir nechta tarafdorlari Qirg‘izistonda 30 noyabrga belgilangan Jogorku Kengashiga (parlament) bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlaridan so‘ng ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ish bo‘yicha hibsga olindi. Bu haqda Kaktus.media xabar berdi.
Ishga Sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Temirlan Sultanbekov, uning o‘rinbosari Qodirbek Atambayev (sobiq prezidentning o‘g‘li), sobiq deputat Shaylubek Atazov, Sotsial-demokratlar partiyasi a’zosi Ermek Ermatov, Almazbek Atambayevning sobiq qo‘riqchisi Damir Musakeyev, sobiq deputat Kubanichbek Qodirov va biznesmen Urmat Barktabasov (Askarbekov) jalb qilingan. Ichki ishlar vazirligi (IIV) matbuot bayonotida rasman oshkor qilinmagan yana uch kishining bosh harflari keltirilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi siyosatchilar, sobiq parlament a’zolari, sobiq davlat xizmatchilari va xavfsizlik kuchlari xodimlaridan iborat buzg‘unchi guruh faoliyatini fosh qilgan. Ular potensial provokatsiyalar va zo‘ravonlik to‘qnashuvlarida ishtirok etish uchun tarafdorlarni, jumladan, uyushgan jinoyatchilik guruhlari va sport jamoalari vakillarini jalb qilishgan.
«Hibsga olinganlar saylov natijalari e’lon qilingandan so‘ng, ommaviy norozilik ko‘rinishini yaratish uchun janubdan boshlab Bishkek va viloyatlarlarda davomli bir qator mitinglarni rejalashtirishgan. Ularning rejalari konstitutsiyaga zid chaqiriqlar, shuningdek, ma’muriy binolar, telekanallar, xavfsizlik kuchlari binolari, qurol-yarog‘ va jazoni ijro etish muassasalarini bosib olishni o‘z ichiga olgan», — deb ta’kidladi Ichki ishlar vazirligi.
Xavfsizlik kuchlarining ma’lumotlariga ko‘ra, fitnachilar aniq iyerarxiyani o‘rnatgan va rollarni taqsimlagan: muvofiqlashtirish guruhlari deb ataladigan guruhlar siyosiy talablarni qo‘yishlari, kriminal tuzilmalar esa norozilik namoyishlarini kuch bilan qo‘llab-quvvatlashlari kerak bo‘lgan. Alohida ishtirokchilar «kelajakdagi lavozimlarni oldindan o‘zaro taqsimlab olishgan».
Tintuvlar chog‘ida hibsga olinganlardan qurol-yarog‘, o‘q-dorilar, granatalar, aloqa uskunalari, norozilik faoliyati va harakatlar rejalarini moliyalashtirishga oid hujjatlar, shuningdek, giyohvand moddalar va 150 000 dollar naqd pul musodara qilingan.
Hibsga olinganlarga Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi («Zo‘ravonlik, qirg‘in, o‘t qo‘yish, mulkni yo‘q qilish, o‘qotar qurol, portlovchi moddalar yoki portlovchi qurilmalardan foydalanish yoki hukumat amaldoriga qurolli qarshilik ko‘rsatish orqali ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish») bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
23 noyabr kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudining qarori bilan Atambayev, Sultanbekov, Ermatov va Bariktabasov 2026 yil 17 yanvargacha hibsda saqlanadi.
Sobiq prezidentning o‘g‘li tergov hibsxonasidan ikkita xatni e’lon qilgan, unda u xavfsizlik kuchlarining bosimi, advokat bilan uchrashishga to‘sqinlik qilish ayblovlarini ilgari surgan va unga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb atagan. Uning ta’kidlashicha, ayblovlar «ommaviy tartibsizliklarga chaqiriqlar»dan «hukumatni zo‘rlik bilan ag‘darishga urinish»ga o‘zgartirilgan. Atambayevning ta’kidlashicha, u va uning hamkasblari ommaviy tartibsizliklarga chaqirmagan. U muxolifat nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun saylovoldi tashviqoti olib borganini da’vo qiladi va jinoiy javobgarlikka tortilishini Bosh prokuraturaga mayning-fermasi faoliyatiga oid ilgari yozgan shikoyati, narxlar oshishi hamda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi postlari bilan bog‘laydi.
22 noyabr kungi hibsga olishlar va tintuvlar bir qator boshqa muxolifat siyosatchilari, ularning oila a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, «Aprel» telekanalining sobiq bosh direktori Dmitriy Lojnikov, shuningdek, xavfsizlik kuchlari tomonidan jihozlari va shaxsiy buyumlari musodara qilingan muxolifat yetakchisi Adaxan Madumarovning jamoasi tintuv haqida xabar berishdi. Sobiq birinchi xonim Raisa Atambayeva o‘roq qilingan va uning kvartirasi ham tintuv qilingan. So‘roqlardan so‘ng bu shaxslar qo‘yib yuborilgan.



